Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/1127
PARA OSIYO O‘YINLARI SOVRINDORI NAMANGAN DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTIDA TANTANALI KUTIB OLINDI
30 октябр 2026
Xalqaro sport maydonida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, yuksak natijaga erishgan Namangan davlat pedagogika instituti talabasi Islomjon To‘xtaboyev institut jamoasi tomonidan katta tantana va ehtirom bilan kutib olindi.
Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida o‘tkazilgan 2026-yilgi Para Osiyo o‘yinlarida para dzyudo bo‘yicha J1 klassining +95 kg vazn toifasida kumush medalni qo‘lga kiritgan Jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi To‘xtaboyev Islomjon Ikromjon o‘g‘lining ushbu muvaffaqiyati institut jamoasiga cheksiz faxr va iftixor bag‘ishladi.
Shu munosabat bilan institutda sportchini tantanali kutib olish va uning xalqaro maydondagi yutug‘ini munosib e’tirof etishga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda Namangan davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Xusanov, professor-o‘qituvchilar, murabbiylar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida institut rektori sportchining xalqaro musobaqadagi muvaffaqiyatini alohida e’tirof etib, ushbu natija nafaqat institut jamoasi, balki butun Namangan yoshlari uchun ham katta faxr ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, bunday yuksak natijalar ortida tinimsiz mehnat, qat’iyat, mustahkam iroda, murabbiylarning fidoyiligi hamda o‘z oldiga qo‘yilgan maqsad sari izchil intilish mujassam ekani qayd etildi.
Tantanali uchrashuvning eng muhim lahzalaridan biri sportchining munosib taqdirlanishi bo‘ldi.Institut rektori Bahodir Xusanov Islomjon To‘xtaboyevga xalqaro sport maydonida erishgan yuksak natijasi, mamlakatimiz va institutimiz nufuzini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun o‘zining tashakkurnomasini tantanali ravishda topshirdi.
Shu bilan birga, sportchining ushbu muvaffaqiyatida munosib hissasi bo‘lgan murabbiyi, Jismoniy madaniyat va sport kafedrasi mudiri Hamidullo Juraxonovning mehnati ham alohida e’tirof etildi.
Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan uchrashuv talaba-yoshlar uchun katta motivatsiya manbayi bo‘ldi. Islomjon To‘xtaboyevning xalqaro maydondagi muvaffaqiyati qat’iyat, intilish va mashaqqatli mehnat orqali yuksak marralarni zabt etish mumkinligining yorqin namunasidir.
Namangan davlat pedagogika instituti jamoasi Islomjon To‘xtaboyevni ushbu tarixiy yutug‘i bilan yana bir bor samimiy tabriklaydi hamda kelgusidagi xalqaro musobaqalarda ham ulkan zafarlar tilaydi!
NamDPI — ilmda ham, sportda ham yuksak marralar sari!