Namangan davlat pedagogika instituti
Manba havolasi: https://namspi.uz/uz/764
QARDOSHLIK RISHTALARI — YOSHLAR KELAJAGINING MUSTAHKAM POYDEVORI
24 август 2026
Yoshlar — O‘zbekiston va Ozarbayjon do‘stligining yangi avlodi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokaralari yakunlari bo‘yicha bildirgan fikrlari ikki qardosh davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, umumiy tarixiy ildizlar, mushtarak ma’naviy qadriyatlar va boy madaniy meros asosida O‘zbekiston–Ozarbayjon aloqalarini yanada mustahkamlash masalasi yoshlar uchun ham katta ahamiyatga ega.
Bugungi yosh avlod — ikki davlat o‘rtasidagi abadiy do‘stlik, strategik sheriklik va qardoshlik munosabatlarining munosib davomchilaridir. Shu bois yoshlar o‘rtasida madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, ta’lim, sport, san’at va ma’naviy-ma’rifiy loyihalarni rivojlantirish kelajak uchun muhim vazifalardan biridir.
Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy kabi buyuk mutafakkirlarning adabiy merosini birgalikda targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslar esa yosh avlodni mushtarak tarix va ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalash uchun katta imkoniyat yaratadi.
Shuningdek, futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati doirasida “Ikki mamlakat – bir chempionat” dasturining amalga oshirilishi O‘zbekiston va Ozarbayjon yoshlari o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugungi hamkorlik — nafaqat davlatlararo munosabatlarning, balki yoshlar o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va o‘zaro ishonchning ham yangi poydevoridir.
Biz yoshlar bilan ishlash jarayonida ushbu tarixiy do‘stlik va qardoshlik rishtalarini yosh avlod ongiga singdirish, ularni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashni muhim vazifa deb bilamiz.
O‘zbekiston va Ozarbayjon yoshlari — mushtarak tarixning davomchilari, mushtarak kelajakning bunyodkorlaridir!
“O‘zbekiston va Ozarbayjon yoshlari — mushtarak tarixning davomchilari, porloq kelajakning bunyodkorlaridir!”
Alisher ISOQBOYEV
Namangan davlat pedagogika institutining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori