Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/869
“KELAJAK SOATI” RUKNI OSTIDA “JADIDLAR. TUGALLANMAGAN HIKOYA” MAVZUSIDA “MA’RIFAT DARSI” O‘TKAZILDI
05 октябр 2026
Mashg‘ulot davomida XX asr boshlarida Turkiston ijtimoiy-ma’rifiy hayotida muhim o‘rin tutgan jadidlarning xalqni ilm-ma’rifatga chorlash, milliy tafakkurni yuksaltirish, zamonaviy ta’lim tizimini shakllantirish yo‘lidagi faoliyati haqida so‘z yuritildi.
Dars jarayonida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat kabi jadid ma’rifatparvarlarining hayoti va faoliyati, ularning maktab va ta’limga bo‘lgan munosabati, millat kelajagi uchun ilgari surgan g‘oyalari haqida fikr almashildi.
Shuningdek, jadidlarning “millat taraqqiyoti — ma’rifat va ta’limdan boshlanadi” degan ezgu g‘oyalari bugungi kun yoshlari uchun ham muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Ularning ilm olish, kitob o‘qish, zamonaviy bilimlarni egallash va Vatan ravnaqi uchun xizmat qilish borasidagi qarashlari yoshlar bilan muhokama qilindi.
Mashg‘ulot davomida talabalar jadidlar merosi, ularning ma’rifat yo‘lidagi fidoyiligi hamda bugungi avlod zimmasidagi mas’uliyat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar. Turli savol-javoblar orqali mavzu yanada mustahkamlandi.
Bunday “Ma’rifat darsi” talabalarda milliy o‘zlikni anglash, tarixiy merosga hurmat, ilm-ma’rifatga intilish va Vatan kelajagiga daxldorlik tuyg‘ularini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.