Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/890
“QALQON” JAMOATCHILIK GURUHI SAFIGA QABUL JARAYONINING DASTLABKI BOSQICHI O‘TKAZILDI
06 октябр 2026
Qabul jarayoni rektor maslahatchisi M. Xodjayev boshchiligida, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi bosh mutaxassisi Sh. Yigitaliyev hamda profilaktika inspektori S. Ahmadjonov tomonidan tashkil etildi.
Suhbat jarayonida 100 nafardan ortiq talaba ishtirok etdi. Unda talabgorlarning jamoatchilik ishlaridagi faolligi, tashabbuskorligi, mas’uliyat hissi, intizomi, muomala madaniyati, jamoa bilan ishlash ko‘nikmalari hamda turli vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qila olish qobiliyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, talabalar bilan suhbat davomida “Qalqon” jamoatchilik guruhining maqsad va vazifalari, guruh a’zolarining institut hududida hamda talabalar turar joylarida jamoat tartibini saqlashdagi o‘rni, xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini targ‘ib qilish, huquqbuzarlik va turli salbiy holatlarning oldini olish borasidagi mas’uliyati haqida tushuntirishlar berildi.
Talabgorlarga guruh faoliyatida ishtirok etish nafaqat jamoat tartibini saqlashga ko‘maklashish, balki liderlik, mas’uliyat, jamoada ishlash va tashabbuskorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun ham muhim imkoniyat ekani ta’kidlandi.
Qabulning dastlabki bosqichida ishtirok etgan talabgorlarning nomzodlari belgilangan mezonlar asosida o‘rganilib, keyingi bosqichlarda munosib nomzodlarni saralash ishlari davom ettiriladi.
“Qalqon” — tartib va xavfsizlik posbonlari. Guruhning faol va tashabbuskor talabalardan shakllantirilishi institutda xavfsiz muhitni ta’minlash hamda yoshlarning jamoatchilik hayotidagi faolligini oshirishga xizmat qiladi.