Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/920
Har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” bo‘ladi.
08 октябр 2026
So‘nggi yillarda yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush va 221 ta bronza medallarni qo‘lga kiritgani, nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yigit-qizlarimiz soni izchil ortib borayotgani amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir. Xususan, Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi universitetlarda 500 nafardan ziyod, dunyoning TOP-100 talik oliygohlarida esa 3,5 mingdan ortiq yoshlarimiz tahsil olayotgani alohida e’tiborga loyiq.
Yoshlarimiz tomonidan yaratilgan 63 ta startap loyihasining xalqaro bozorlarga chiqishi, sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush va 854 ta bronza medalni qo‘lga kiritgani, yosh tadbirkorlarning mamlakatimiz biznes subyektlari tarkibidagi ulushi 35 foizga yetgani — bularning barchasi yoshlarga berilayotgan imkoniyatlarning samaradorligini tasdiqlaydi.
Yoshlar bandligini ta’minlash masalasi ham ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. O‘tgan yili bu maqsadlar uchun 400 million dollar yo‘naltirilib, 15 ming nafar yosh o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan va 50 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. Endilikda qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi, kredit va investitsiya mexanizmlarining kengaytirilishi yoshlarning iqtisodiy faolligini yanada oshiradi.
“Kelajak tadbirkori” dasturining yo‘lga qo‘yilishi, innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash, eng yaxshi loyihalarni moliyalashtirish tizimining joriy etilishi yoshlarning tashabbuskorligini rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, texnikumlarda “spin-off” loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, “Work and travel” dasturini kengaytirish, xorijiy til sertifikatiga ega yoshlar sonining 600 mingdan oshgani ham ta’lim sohasidagi tub o‘zgarishlarning dalilidir.
Alohida e’tiborga molik jihatlardan biri — jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarning jamiyatga moslashuvi uchun “Ikkinchi imkon” loyihasining yo‘lga qo‘yilishidir. Ushbu loyiha doirasida yoshlar 8–12 oylik intensiv kurslarda dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi va boshqa kasblarga hamda xorijiy tillarga o‘qitilib, ularning daromadli kasb egallashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Bu tashabbus ijtimoiy adolat va insonparvarlik tamoyillarining amaliy ifodasidir.
Shuningdek, kitobxonlikni rivojlantirish, iste’dodli yozuvchilarni qo‘llab-quvvatlash, eng sara asarlarni ta’lim muassasalariga yetkazish va faol kitobxonlarni rag‘batlantirish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar yoshlarning ma’naviy kamolotini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Namangan davlat pedagogika instituti jamoasi belgilab berilgan barcha ustuvor vazifalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Institutimizda yoshlarning bilim olishi, kasbiy rivojlanishi, tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishi hamda ma’naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Murodjon NABIJONOV
Yoshlar bilan ishlash, ma'naviyat va ma'rifat bo'limi boshlig'i