Namangan davlat pedagogika instituti
Manba havolasi: https://namspi.uz/uz/yangiliklar/760
DSc dissertatsiya ishi muvaffaqiyatli himoya qilindi
19 август 2026
Namangan davlat pedagogika instituti Falsafiy va tarixiy fanlar kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Botirova Sevara Mamurovna 09.00.04 – Ijtimoiy falsafa ixtisosligi bo‘yicha falsafa fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan “Germenevtik tafakkurda nutq va muloqot odobi shakllanishining falsafiy jihatlari” mavzusidagi dissertatsiya ishining ilmiy himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadqiqot ishi falsafa fanlari doktori (DSc), professor Xusanov Bahodir Ergashevich ilmiy rahbarligida bajarilgan.
Ilmiy himoya 2026-yil 19-avgust kuni Namangan davlat universiteti huzuridagi PhD.03/2025.27.12.F.22.01 raqamli Ilmiy kengash majlisida bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy kengash yig‘ilishida dissertatsiya ishining dolzarbligi, ilmiy yangiligi, nazariy-metodologik asoslari hamda ilmiy va amaliy ahamiyati atroflicha muhokama qilindi. Tadqiqot doirasida ilgari surilgan ilmiy xulosalar, nazariy qarashlar va erishilgan natijalar Ilmiy kengash a’zolari tomonidan munosib baholandi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Botirova Sevara Mamurovnaning dissertatsiya ishi Ilmiy kengash a’zolarining 100 foiz ovozi bilan muvaffaqiyatli himoya qilingan deb topildi.
Institut jamoasi Sevara Mamurovnani ushbu yuksak ilmiy yutug‘i bilan samimiy tabriklaydi hamda kelgusidagi ilmiy-pedagogik faoliyatida yangi zafarlar, ulkan muvaffaqiyatlar va mustahkam sog‘lik tilaydi!