info@namspi.uz +998 69 211-10-97
UZA.UZ yangiliklari
Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi
Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun imzolandi.

Administratsiya Prezident faoliyati va Konstitutsiyaviy vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlovchi yagona konstitutsiyaviy institut hisoblansa-da, davlat organlari bilan munosabatlarda uning faoliyatini qonun bilan tartibga solish bo‘yicha huquqiy bo‘shliq mavjud edi. Endilikda yangi qonun bilan ushbu masalalar tartibga solindi.

14 август 2026 Yangiliklar 16 marta ko‘rilgan


Administratsiya Prezident faoliyati va Konstitutsiyaviy vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlovchi yagona konstitutsiyaviy institut hisoblansa-da, davlat organlari bilan munosabatlarda uning faoliyatini qonun bilan tartibga solish bo‘yicha huquqiy bo‘shliq mavjud edi. Endilikda yangi qonun bilan ushbu masalalar tartibga solindi.

Prezidentning farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini tashkil etishda Administratsiyaning amaldagi vakolatlari doirasidagi faoliyati qonun bilan tartibga solinishi Prezidentlik institutining huquqiy asoslarini kuchaytiradi. Xalqaro amaliyotda Prezident faoliyatini ta’minlovchi institutning huquqiy maqomi qonun darajasida belgilanishi Prezidentlik boshqaruvining institutsional standarti hisoblanadi.

Qonun 4 ta bob va 34 ta moddadan iborat bo‘lib, Administratsiyaning amaldagi vakolatlari doirasida Prezident faoliyatini ta’minlashning konstitutsiyaviy mexanizmlari qonunda huquqiy jihatdan rasmiylashtirildi. Xususan:

– Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlari amalga oshirilishini tashkiliy, huquqiy, tahliliy jihatdan ta’minlaydigan davlat organi sifatida belgilandi;

– Administratsiyani Prezident shakllantiradi, Prezident belgilagan asosiy yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi, Prezidentga bo‘ysunadi va hisobdor bo‘ladi.

Administratsiyaning asosiy vazifalari belgilandi:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirilishini tashkiliy, huquqiy va tahliliy ta’minlash;

– Prezidentning farmon, qaror va farmoyishlari loyihalarini hamda topshiriqlarini tayyorlash, ularning ijrosini tashkil etish, nazoratini olib borish hamda ularni amalga oshirishga ko‘maklashish;

– Prezidentning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishga oid yangi tashabbuslarini ishlab chiqish;

– aholi va tadbirkorlar bilan ochiq va to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotlarni tashkil etish va ularni qiynayotgan masalalarga yechimlarni ishlab chiqish;

– qonunlarni imzoga yoki qaytarishga tayyorlash;

– Prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasini tashkil etish;

– Prezidentga bevosita bo‘ysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqalar.

Shuningdek, qonunda Administratsiya rahbarining huquqiy maqomi va vazifalari, Administratsiyaning mansabdor va boshqaruv shaxslarini lavozimga tayinlash hamda ozod etishga oid normalar belgilangan, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi faoliyatini tashkil etishning qonuniy asoslari yaratilgan.

Administratsiya Prezident faoliyatini tashkil etish doirasida parlament, Hukumat, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, sud hokimiyati va sudyalar hamjamiyati organlari bilan hamkorlik qiladi.

Administratsiya Prezidentga bevosita bo‘ysunuvchi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi va Prezidentga kiritadi.

Administratsiya xodimlari uchun ularga yuklatilgan vazifalarni bajarishda ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy himoya choralari nazarda tutilmoqda.

Prezident Administratsiyasi to‘g‘risida Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, davlat organlarini xalqqa xizmat qiladigan, ochiq va hisobdor tizimga aylantirish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Maqolani ulashing
BAXTIYOR YULDASHEV
Maqola muallifi

BAXTIYOR YULDASHEV

Markaz boshlig'i · Raqamli ta'lim texnologiyalari markazi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl + Enter bosing