Наманганский государственный педагогический институт
Источник: https://namspi.uz/ru/1072
Namangan davlat pedagogika institutida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti tanlovining Namangan shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
22 октября 2026
Namangan davlat pedagogika institutida iqtidorli va tashabbuskor qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning erishgan yutuqlarini munosib rag‘batlantirishga qaratilgan Zulfiya nomidagi davlat mukofoti tanlovining Namangan shahar bosqichi tashkil etildi.
Mazkur tanlov o‘z bilimi, iste’dodi va tashabbuslari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan, ta’lim, ilm-fan, ijod va jamoat ishlarida faol ishtirok etayotgan qizlarni bir maydonga jamladi. Ular uchun o‘z yutuqlarini namoyon qilish, tajriba almashish hamda kelgusi maqsadlarini belgilash imkoniyati yaratildi.
Tadbirni Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamalov ochib berib, tanlov ishtirokchilarini qutladi. Qizlarning bilim va iste’dodini yuzaga chiqarish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyat hayotidagi faolligini oshirishda bunday tanlovlarning ahamiyati katta ekani ta’kidlandi. Yoshlarning mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishi, puxta bilim egallashi va tanlagan yo‘nalishida izchil mehnat qilishi muhimligi qayd etildi.
Institut rektori Bahodir Xusanov ishtirokchilarga omad tilab, mazkur tanlov ularning izlanishlari va mehnati samarasini namoyon etish uchun muhim imkoniyat ekanini bildirdi. Qizlarning o‘z salohiyatiga ishonishi, bilim va ko‘nikmalarini muntazam rivojlantirishi hamda yutuqlarini yanada mustahkamlab borishi kelgusi muvaffaqiyatlariga asos bo‘lishini ta’kidladi.
Ochilish marosimida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti iqtidorli qizlarning yutuqlarini e’tirof etish bilan birga, ularni yangi marralar sari ruhlantirishi qayd etildi. Bunday e’tirof yoshlarning o‘z oldiga yanada katta maqsadlar qo‘yishi, mas’uliyatni his etishi va jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shishga intilishida muhim o‘rin tutadi.
Samimiy tilaklar va qo‘llab-quvvatlash ruhida o‘tgan ochilish marosimidan so‘ng tanlovning Namangan shahar bosqichi jarayonlariga start berildi.