Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/1179
TALABALARNING IJARA XONADONLARIDA YASHASH SHAROITLARI VA KUZ-QISH MAVSUMIGA TAYYORGARLIK HOLATI O‘RGANILDI
10 ноябр 2026
Ijtimoiy fanlar fakulteti dekani S. Mutalov hamda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi tyutorlari Ch. Isroilova va M. Ruzimatova tomonidan fakultet talabalarining ijara xonadonlaridagi yashash sharoitlarini o‘rganish maqsadida manzilli o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish jarayonida talabalarning yashash sharoitlari, xonadonlarning sanitariya-gigiyenik holati, isitish tizimlarining sozligi, elektr va gaz jihozlaridan foydalanish tartibi hamda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi atroflicha ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, xususan, is gazidan zaharlanish, gaz sizib chiqishi, elektr simlaridagi nosozliklar va yong‘in xavfining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif davomida talabalarga isitish va elektr jihozlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish, gaz uskunalarini nazoratsiz qoldirmaslik, xonalarni muntazam shamollatish hamda favqulodda holatlarda tegishli xizmatlarga zudlik bilan murojaat qilish yuzasidan profilaktik tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi.
Mazkur o‘rganish ishlarining asosiy maqsadi — talabalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ijara xonadonlarida xavfsiz va munosib yashash sharoitlarini ta’minlash, kuz-qish mavsumida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish hamda talabalarda shaxsiy xavfsizlik madaniyatini shakllantirishdan iborat.
Xavfsizlik — doimiy e’tibor va mas’uliyat talab qiladigan muhim vazifadir.