info@namspi.uz +998 69 211-10-97
UZA.UZ yangiliklari
Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi
Yangiliklar Madaniy-ma'rifiy tadbirlar

Usmon Nosir tavalludining 114 yilligi nishonlandi

Namangan shahridagi Usmon Nosir xiyobonida o‘zbek adabiyotining yorqin namoyandasi, otashin shoir Usmon Nosir tavalludining 114 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

13 ноябр 2026 Yangiliklar 5 marta ko‘rilgan

Tadbirda taniqli shoir va yozuvchilar, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, ziyolilar hamda yoshlar ishtirok etdi. Namangan davlat pedagogika instituti talabalari ham mazkur adabiy anjumanda qatnashib, shoir xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Usmon Nosirning hayot yo‘li, sermazmun ijodi va o‘zbek she’riyati rivojiga qo‘shgan hissasi haqida fikr bildirdilar. Shoir asarlaridagi jo‘shqinlik, erk va ozodlikka intilish, Vatanga muhabbat hamda insoniy tuyg‘ularning samimiy ifodasi uning she’riyatiga bugun ham kitobxonlarni oshno etayotgani ta’kidlandi.

Usmon Nosir qisqa umri davomida o‘zbek adabiyotida o‘chmas iz qoldirgan ijodkorlardan biridir. Uning “Yurak”, “Mehrim”, “Quyosh bilan suhbat” kabi she’riy to‘plamlari, “Norbo‘ta” va “Naxshon” dostonlari shoir iste’dodining yorqin namunalaridir. Ijodkor she’rlarida hayotga tashnalik, inson qalbining nozik kechinmalari, orzu va intilishlar ta’sirchan satrlarda ifodalangan. Uning adabiy merosi yosh avlodni ezgulikka, jasorat va qat’iyatga undashi bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi.

Adabiy uchrashuvda shoirning she’rlaridan namunalar o‘qilib, uning ijodiga xos samimiyat va jo‘shqinlik yana bir bor namoyon bo‘ldi. Badiiy chiqishlar ishtirokchilarga she’riyatning ta’sir kuchini his etish, Usmon Nosir siymosi va ijodiy olamini yanada chuqurroq anglash imkonini berdi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar shoir haykali poyiga gullar qo‘yib, uning xotirasiga ehtirom ko‘rsatdilar. Institut talabalari uchun mazkur uchrashuv adabiyot namoyandalari bilan bir davrada bo‘lish, ularning fikrlarini tinglash hamda shoir merosi haqidagi bilimlarini boyitish imkoniyati bo‘ldi.

Mazkur tadbir Usmon Nosir xotirasini e’zozlash, adabiy merosini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish, talabalarda kitobxonlik madaniyati va milliy adabiyotimizga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qildi.

Manbaa: https://t.me/namspii

Maqolani ulashing
MOHIZAR ABDUG‘ANIYEVA
Maqola muallifi

MOHIZAR ABDUG‘ANIYEVA

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl + Enter bosing