Namangan davlat pedagogika instituti
Manba havolasi: https://namspi.uz/uz/770
SHUKRONALIK
29 август 2026
SHUKRONALIK
Shukr qilish odam sifatlanishi lozim bo‘lgan eng ulug‘ va go‘zal axloqiy sifatlardan biridir. Shukr - ezgulik ulashgan kishiga chiroyli maqtov va yaxshilik evaziga qilinadigan mukofotdir.
Vatanimiz osmoni musaffo, tinchlik-osoyishta bu hayotimizni shukrini qilish shu aziz yurtda yashayotgan har bir fuqaroning ham qarzi, ham farzidir. O‘zini, oilasini, yaqinlarini, butun insoniyatni va kelajak avlodlarni o‘ylagan har bir shaxs bu haqiqatni teran anglaydi. Yurtimiz tinchligi, osmonimizning musaffoligi, bugungi tinchlik-osoyishtalik, erkin va farovon hayotga shukrona keltirish, uning qadriga yetish xayri barakani yanada ziyoda qiladi. Zero, tinchlik-osoyishtalik hukm surgan joyda, yuksalish, taraqqiyot bo‘ladi.
Shukronalik fazilati insonni kamolotga yetkazadi. Noshukurlik insonni jisman, ma’nan va moddiy tomondan qashshoqlashishiga, o‘zgalar oldida qadrsiz va hurmatsiz bo‘lishiga olib keladi. Shukronalik insonni go‘zal va ulug‘vor bo‘lishiga yordam bersa, noshukurlik uni xunuk va past insonga aylantiradi. Shukronasi bor inson yuz-ko‘zidan nur yog‘ilib turadi, barakali bo‘lib, hamisha xolis xizmat qiladi.
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalarda ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlarni xalqimiz ko‘rib, bilib, qalban his qilib turibdi. O‘zbekistonda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar yangi davrni boshlab berdi.
Davlatimiz rahbarining odilona siyosatlari tufayli mamlakatimizda ta’lim-tarbiya, yoshlarning yetarli bilim olishi uchun qilinayotgan sharoit va imkoniyatlar, umuman, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi islohotlarimiz izchil davom ettirilmoqda.
O‘tgan 35 yili mobaynida mamlakatimizda tahsinga loyiq ishlar amalga oshirildi. Bu ham bo‘lsa ona vatanimizning tinchligi, xalqimizning fidoyiligi natijasidir.
Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini qurish uchun yoshlarni yuksak ma’naviyatli qilib tarbiyalashimiz zarur. Shukronalik ruhida tarbiyalangan yoshlarni ijobiy fikrlaydigan va jamiyatni hamjihat, do‘stligini ta’minlaydigan ijobiy quvvat deb hisoblash mumkin. Yoshlarni shukronalik ruhida tarbiyalashda ma’naviy merosimizdan ta’lim-tarbiya jarayonida foydalanish yaxshi samara beradi.
Istiqlol ne’matidan yurtimizning har bir go‘shasi kundan-kunga yasharmoqda, respublikamizning olis qishloqlarida ham zamonaviy inshootlar qad rostlamoqda, yoshlarimizning ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor berilmoqda, ta’lim samaradorligini oshirish va ta’lim sifatini jonlantirish borasida ilmiy izlanishlar davom etmoqda.
Demak, vatanni sevish, yoshlarning o‘zi o‘qiyotgan ta’lim maskanini e’zozlashi, unga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lishi, oliygohdagi har bir jihozlarni asrab-avaylashi, chuqur bilim olishga intilishi, vatanparvarlik tuyg‘usi bilan yashash, har bir ne’matga shukrona qilish insoniylik burchimizdir. Berilgan ne’matlarga shukr qilsak, uning qadriga yetsak, yurt ravnaqi, vatan taraqqiyoti, millat hamjihatligi, xalq farovonligi yo‘lida astoydil xizmat qilsak, maqsadimizga yetamiz.
Maxbubaxon Sobirova, Namangan davlat pedagogika instituti professori, pedagogika fanlari doktori (DSc)