Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/789
YOSHLAR XAVFSIZLIGI VA HUQUQIY OGOHLIK — MUHIM VAZIFA
17 сентябр 2026
Namangan davlat pedagogika institutida bir qator huquq-targ'ibot idoralarining nufuzli vakillari bilan hamkorlikda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, kiberxavfsizlikni ta’minlash, odob-axloq qoidalariga rioya etish hamda giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan targ‘ibot-tushuntirish tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor A. Isoqboyev, Namangan shahar Milliy gvardiya boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik A. Gofurov hamda Namangan shahar IIB boshlig‘i, polkovnik I. Sotvoldiyev ishtirok etib, yoshlar bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan fikr va tavsiyalarini bildirdilar.
Muloqot davomida yoshlarning internet va ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanishi, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, shubhali havola va xabarlardan ehtiyot bo‘lish, turli kiberxuruj va firibgarliklardan ogoh bo‘lish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, jamoat tartibiga rioya qilish, nizoli vaziyatlarning oldini olish, huquqbuzarliklarga befarq bo‘lmaslik, odob-axloq me’yorlariga amal qilish hamda yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan asrash borasida tushuntirishlar berildi.
Tadbirda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq noqonuniy harakatlarning salbiy oqibatlari, bunday holatlar uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik hamda jinoyatchilikning oldini olishda oila, ta’lim muassasasi, mahalla va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligining ahamiyati haqida ham so‘z yuritildi.
Yakunda yoshlar hushyor va ogoh bo‘lishga, qonun talablariga qat’iy rioya qilishga, internetdan oqilona foydalanishga hamda o‘z hayoti va kelajagiga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirildi.