Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/806
“Men tanlagan kasb” yoshlar saylida Namangan davlat pedagogika instituti ko‘rgazmasi namoyish etildi
26 сентябр 2026
Namangan viloyatida yoshlarning kasb tanlashiga ko‘maklashish, ularni turli sohalardagi faoliyat va imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida “Men tanlagan kasb” yoshlar sayli bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyatdagi tashkilotlar o‘z yo‘nalishlariga oid ko‘rgazmalar bilan ishtirok etdi. Namangan davlat pedagogika instituti ham saylda o‘z ko‘rgazmasini taqdim etdi.
Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligida sayl doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmalar ko‘zdan kechirildi. Viloyat hokimi institut ko‘rgazmasiga ham alohida e’tibor qaratib, uning faoliyati bilan tanishdi.
Namangan davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Xusanov viloyat hokimiga ko‘rgazmani tanishtirdi. Rektor institutda pedagog kadrlar tayyorlash, talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lash hamda yoshlarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Ko‘rgazma bilan tanishish jarayonida viloyat hokimi va institut rektori o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Suhbatda yoshlarning o‘z qiziqishi va qobiliyatiga mos kasb tanlashi, ta’lim jarayonida amaliy tajriba orttirishi hamda kelgusida malakali mutaxassis sifatida shakllanishi masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Institutning ushbu sayldagi ishtiroki yoshlarga pedagoglik kasbining mazmuni, ta’lim yo‘nalishlari va sohada o‘z salohiyatini namoyon etish imkoniyatlari haqida yaqindan ma’lumot berish uchun imkoniyat yaratdi.