Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/812
"Sog‘lom turmush tarzi — uzoq umr garovi” mavzusida seminar o‘tkazildi
26 сентябр 2026
Namangan davlat pedagogika institutida talaba-qizlar uchun “Sog‘lom turmush tarzi — uzoq umr garovi” mavzusida seminar tashkil etildi. Tadbir institutning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi G. Dexkonova tashabbusi bilan o‘tkazildi.
Seminarda dekan maslahatchisi G. Odilova, Tabiiy fanlar kafedrasi biologiya fanlari doktori Anora Xusanova, o‘qituvchilar Rohatoy Egamberdiyeva va Yoqutxon Kamolova hamda institut hamshirasi Sh. Maxkamboyeva ishtirok etdi.
Anora Xusanova yurak-qon tomir va miya qon tomirlari kasalliklarining kelib chiqish sabablari hamda oldini olish choralari haqida ma’lumot berdi. Yoqutxon Kamolova esa yuqori qon bosimi, noto‘g‘ri ovqatlanish, ortiqcha vazn, kamharakatlilik, qandli diabet, xolesterin miqdorining yuqoriligi, tamaki iste’moli va stress kabi xavf omillariga to‘xtaldi.
Ishtirokchilarga muvozanatli ovqatlanish, muntazam jismoniy faollik, mehnat va dam olish tartibiga rioya qilish hamda sog‘liqni nazorat qilib borish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Shuningdek, infarkt va insultning dastlabki belgilariga e’tiborli bo‘lish, bunday holatlarda zudlik bilan tez tibbiy yordamga murojaat qilish zarurligi ta’kidlandi.