info@namspi.uz +998 69 211-10-97
UZA.UZ yangiliklari
Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi
Munosabat

MUNOSABAT Zafarjon ABDULLAYEV, Namangan davlat pedagogika instituti Pedagogika fakulteti dekani

Turkmanistonga tashrif: strategik manfaatlar va yangi imkoniyatlarO‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy bog‘liqlikni yanada mustahkamlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etmoqda.

08 октябр 2026 Munosabat 7 marta ko‘rilgan

7–9-oktabr kunlariga mo‘ljallangan tashrif doirasida davlat rahbarining Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etishi, shuningdek, O‘zbekiston–Turkmaniston munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qilishi ko‘zda tutilgan.

Tashrifning asosiy maqsadi — ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy va transport-logistika aloqalarini kengaytirish, energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda mintaqaviy hamkorlikni yangi amaliy loyihalar bilan boyitishdan iborat.

O‘zbekiston uchun Turkmanistonning strategik ahamiyati, avvalo, uning Kaspiy dengiziga chiqishi bilan bog‘liq. Turkmanboshi xalqaro porti orqali O‘zbekistonning Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish mumkin. Shu bois Toshkent transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish va tashqi savdo geografiyasini kengaytirishda Turkmaniston yo‘nalishiga alohida ahamiyat bermoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarda ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mahsulot turlarini kengaytirish, chegaraoldi savdosini rivojlantirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan. «Shovot–Toshhovuz» chegaraoldi savdo zonasi kabi loyihalar hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Energetika ham strategik yo‘nalishlardan biridir. Elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish va tranzit qilish, energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik mintaqada energiya xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.

Ayni paytda O‘zbekistonning Turkmanistonga nisbatan siyosati faqat ikki tomonlama munosabatlar bilan cheklanmaydi. Toshkent Markaziy Osiyoni yagona iqtisodiy va transport makoni sifatida rivojlantirish, uni Kaspiy dengizi va Janubiy Kavkaz bilan bog‘laydigan yangi koridorlarni shakllantirishga intilib kelmoqda. Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi muloqotning institutsional rivojlanishi ham ushbu strategiyaning muhim qismiga aylanmoqda.

Bunda suv resurslari, ekologik xavfsizlik va Orol dengizi muammosi kabi masalalar ham alohida o‘rin tutadi. Bu muammolarni samarali hal etish mintaqadagi davlatlarning yaqin hamkorligini talab qiladi.

Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifini O‘zbekistonning uzoq muddatli mintaqaviy strategiyasi kontekstida ko‘rish mumkin. Uning asosiy mazmuni — yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish, yangi transport yo‘laklarini ochish, energetik hamkorlikni kengaytirish va Markaziy Osiyoni tashqi bozorlar bilan yanada chuqur bog‘lashdan iborat.

Eng muhimi, bu jarayonda siyosiy kelishuvlarni aniq iqtisodiy natijalarga aylantirish masalasi kun tartibiga chiqmoqda. Yangi transport marshrutlari, qo‘shma korxonalar, chegaraoldi savdo hududlari va energetika loyihalari nafaqat O‘zbekiston va Turkmaniston, balki butun Markaziy Osiyoning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Manbaa: https://t.me/namspii

Maqolani ulashing
MOHIZAR ABDUG‘ANIYEVA
Maqola muallifi

MOHIZAR ABDUG‘ANIYEVA

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl + Enter bosing