Namangan davlat pedagogika instituti
Manba havolasi: https://namspi.uz/uz/yangiliklar/755
Mustaqillikning 35 yilligi — kelajak avlodga e’tibor
18 август 2026
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chortoq tumanidagi Baynalmilal mahalla fuqarolar yig‘inida yosh avlodga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xayrli tadbir amalga oshirildi.
Namangan davlat pedagogika instituti Filologiya kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari doktori (DSc), dotsent Tillaeva Rayhona Tuxtasinovna, Intellektual fanlar va axborot texnologiyalari kafedrasi katta o‘qituvchilari Mo‘minova Muxayyo Usmanovna va Maqsudova Shohsanam, shuningdek, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi tyutori Oydina Madaminova tomonidan mahallada istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oilalar farzandlari hamda yoshlar holidan xabar olindi.
Tashrif davomida bolajonlar bilan samimiy suhbatlar o‘tkazilib, ularning o‘qishi, qiziqishlari va kelgusidagi rejalari bilan qiziqildi. Mustaqillik bayrami munosabati bilan ularga esdalik sovg‘alari topshirilib, bayramona kayfiyat ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, ularning qalbida Vatanga muhabbat, yurt taqdiriga daxldorlik va kelajakka ishonch tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, ehtiyojmand oilalar farzandlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik jamiyatimizda mehr-oqibat, hamjihatlik va insonparvarlik kabi qadriyatlarni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Mustaqillik — tinch va farovon hayotimiz, yoshlarimizning baxtli kelajagi hamda yangi avlod orzu-maqsadlarining ro‘yobi uchun mustahkam poydevordir.