Namangan davlat pedagogika instituti
Manba havolasi: https://namspi.uz/yangiliklar/746
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Namangan davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi
14 август 2026
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Baxtiyarovich Radjabov Namangan davlat pedagogika institutiga xizmat safari bilan tashrif buyurdi.
Tashrif davomida vazirning birinchi o‘rinbosari institut rektori Bahodir Husanov hamrohligida bayram arafasida rasmiy ochilishi rejalashtirilgan, zamonaviy talablar asosida yangilangan 8-o‘quv binosi, shuningdek, Registrator ofisi va Innovatsion markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, innovatsion STEAM laboratoriyasi, “Maktabgacha ta’lim: tajriba-sinov maydoni”, “Bolani rivojlantiruvchi texnologiyalar markazi”, “Habib Sa’dulla nomidagi badiiy tafakkur maskani”, “Ma’rifat bog‘i”, “Mutolaa maskani”, “Yaponiya ta’lim markazi”, ilmiy ishlanmalar ko‘rgazmasi hamda Media markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Institut rektori hamda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ul xodimlar tomonidan mazkur maskanlarda amalga oshirilgan ishlar, yaratilgan zamonaviy infratuzilma, ta’lim jarayonini samarali tashkil etish uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan qulayliklar, mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish hamda ushbu yo‘nalishlarni kelgusida yanada rivojlantirish bo‘yicha belgilangan istiqbolli rejalar haqida ham ma’lumot taqdim etildi.