Du - Sh 8:30-17:30
Ishonch telefoni 69 211 10 97
   2023-12-23 21:05:00   |      332

Ma’naviy taraqqiyot va tarixni anglash yo‘lidagi muhim qadam


Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev raisligida 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bugungi jamiyatimiz oldida turgan eng muhim masalalar ro‘yi-rost tahlil etilgani hamda ko‘p yillardan buyon ma’naviy hayotda o‘z yechimini kutib turgan muammolar uzil-kesil hal qilingani bilan ahamiyatli bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev raisligida 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bugungi jamiyatimiz oldida turgan eng muhim masalalar ro‘yi-rost tahlil etilgani hamda ko‘p yillardan buyon ma’naviy hayotda o‘z yechimini kutib turgan muammolar uzil-kesil hal qilingani bilan ahamiyatli bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev o‘z ma’ruzalarida tarixga, jadid taraqqiyparvarlarining eng nozik va tahlikali zamonda maydonga chiqib, vatan, millat uchun jasorat ko‘rsatganliklariga alohida e’tibor qaratdilar. “Tarixdan ma’lum, Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar”, – deya ta’kidlab, Turkiston jadidlarining ma’naviy jasoratlarini yana bir bora yodga oldilar. Prezidentimiz ma’rifatparvar jadidlarning millat taraqqiyoti yo‘lidagi faoliyatlarini o‘rganish va bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilinishi, Buxoroda “Jadidlar merosi davlat muzeyi ochilishi” hamda “Jadid” nomli gazeta tashkil etilishini alohida ta’kidlab, ularning uy-muzeylarini tashkil qilish bo‘yicha alohida topshiriq berdilar.

Prezident Sh.Mirziyoev ma’ruzalarini tinglar ekanmiz, taraqqiyparvar jadid bobolarimizning bundan 110 yil avval mustamlaka sharoitida, og‘ir bir zamonda ilgari surgan g‘oyalari, fikrlari va amalga oshirgan ishlari ko‘z oldimizdan o‘tadi. Ular aynan xalqni ma’naviy jihatdan uyg’otish orqali ozodlikka erishish yo‘lini tanlagan edilar. Turkiston jadidlarining g‘oyaviy rahnamosi va rahbari Mahmudxo‘ja Behbudiy 1913-yili “Samarqand” gazetasida “... dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lur”, - deya xalqni dunyoviy ilm egallashga, boshqa xalqlar asorati ostida qolmaslikka, zamonaviy fan va ilm sirlarini egallab, hur va ozod bo‘lib yashashga chaqirgan edi.

Davlatimiz rahbari ma’naviy sohani yanada rivojlantirish haqida fikr yuritar ekanlar, bir qator muammolar xususida to‘xtalib, ma’rifatparvar Is’hoqxon Ibratning “Ulamo g‘ayrat etkanda millat, albatta, isloh topur”, degan hikmatli so‘zlarini alohida ta’kidladilar. Аlbatta, bugungi islohotlarning samaradorligi har tomonlama millat ziyolilarining sa’y-harakatlari va shijoatlariga bog‘liqdir. G‘oyaviy qarama-qarshiliklar, din va dunyoviy davlat o‘rtasidagi ziddiyatlarni keltirib chiqarishga urinishlar shubhasiz jamiyatda beqarorlikni keltirib chiqaradi. Shu boisdan ham olimlar, ziyolilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari sifatida bugungi islohotlarning mohiyatini xalqimizga yetkazishlari maqsadga muvofiqdir.

Prezidentimiz ma’naviyat sohasi barcha sohalardan eng oldinda bo‘lishi lozimligi, buning uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishi, barcha tuman va shaharlarda Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari ishga tushirilishi, korxona, tashkilot va muassasalarda oyning bir kuni “Teatr kuni” sifatida belgilanib, xodimlarning teatrga borishini vazifa sifatida belgilab berdilar. Taraqqiyparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy ham bejizga teatrni ibrat oluvchi maskan sifatida (“Teatr ibratxonadur”, deya) ta’riflamagan edi.

Shu o‘rinda, Muhtaram Prezidentimizning milliy qadriyatlarni asrash va ularni avloddan avlodga yetkazish haqida bildirgan fikrlarini alohida ta’kidlash joiz. Jumladan, maqom va baxshichilik san’atini ilmiy asosda o‘rganish, bu maqsadda Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros institutini tashkil etish orqali qadimiy musiqa asarlarini tadqiq qilish, 3 mingdan ziyod doston, maqom va folklor asarlarini zamonaviy formatga o‘tkazish, atlas va adras to‘qish, kulolchilik va zargarlik kabi an’analarni davom ettiradigan maktablarni yaratilishi milliy qadriyatlarimizni asrash yo‘lidagi muhim qadamdir.

Tarix xalq ma’naviyatining asosidir. Davlatimiz rahbari ma’ruzalarida tarix masalasiga alohida e’tibor qaratgan holda mamlakatimizdagi muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishi, bir qator mashhur muzeylar kapital ta’mirlanib, yangi ekspozitsiyalar tashkil qilinishi, Fransiya bilan hamkorlikda Milliy restavratsiya markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, muqaddas Usmon Qur’oni sahifalari konservatsiya qilinishi, ko‘hna tariximizni aks ettiradigan 18 ta arxeologiya yodgorligi ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirilishi, Samarqandda Sohibqiron Аmir Temur bog‘lari qayta tiklanishi, “Buyuk ipak yo’li” muzeyi barpo etilishi, Bibixonim majmuasi to‘liq restavratsiya qilinishi haqidagi tashabbuslari shubhasiz, buyuk tariximizni tiklash hamda xalqimizni tarix bilan qurollantirish yo‘lidagi muhim burilish davrini boshlab beradi. Shu bilan birga, Prezidentimiz “Tirik tarix” seriyasi orqali, Vatanimizning shonli o‘tmishiga bag‘ishlangan filmlar yaratish, bunga xorijiy ijodkorlar, kinokompaniyalar hamda investorlarni jalb etish, bolalar uchun buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li haqida ko‘p qismli animatsion filmlar yaratish vazifasini belgilab berdilar. Bu o‘z navbatida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘lishi shubhasizdir.

Xulosa o‘rnida qayd etish joizki, Muhtaram Prezidentimiz ma’naviyat va madaniyat faollari, adabiyot va san’at namoyandalari bilan uchrashuvda xalqimizning istiqbolda ma’naviy yuksalishi va o‘zligini anglashi yo‘lidagi strategik vazifalarini belgilab berdilar. Bu albatta, ma’naviy taraqqiyot va tarixni anglash yo‘lidagi muhim qadamdir.

 

Аlisher ISOQBOYEV

Namangan davlat pedagogika institutining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori,

“Ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati” a’zosi