Du - Sh 8:30-17:30
Ishonch telefoni 69 211 10 97
   2024-01-09 11:00:00   |      279

Namangan davlat pedagogika institutida “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafonining OTM bosqichiga start berildi.


Namangan davlat pedagogika instituti Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi tomonidan ilmiy va innovatsion g‘oyalar, loyihalarni saralab olish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafonining OTM bosqichiga start berildi.

Tanlov nizomi

I. Umumiy qoidalar

1. Ilmiy va innovatsion g‘oyalar, loyihalarni saralab olish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni (keyingi o‘rinlarda-Marafon) Namangan davlat pedagogika instituti (keying o’rinlarda institut) doirasidagi Marafon bo‘lib, yoshlarning ilmiy va innovatsion salohiyatini namoyon etish, mazkur sohadagi istiqbolli loyihalarni dastlabki bosqichda aniqlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, tijoratlashtirish darajasiga olib chiqishga va o‘z navbatida, loyihani amaliyotga joriy etishga qaratilgan. Shu bilan birga Marafon to‘g‘risidagi Nizom Marafon o‘tkazish shartlari, g‘oliblarni aniqlash va ularni taqdirlash tartibini belgilaydi.

2. Marafonning institut bosqichi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish agentligi, Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi Milliy ofisi bilan birgalikda tashkil etiladi.

3. Marafon qatnashchilari o‘rtasida ilmiy va innovatsion loyiha yo‘nalishlarida ilmiy-texnik ijodkorlik va ixtirochilikni rag‘batlantirish, innovatsion faollikni oshirish hamda yangi texnika, texnologiya va raqobatbardosh mahsulotlarni yaratishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

4. Marafonda ishtirok etayotgan qatnashchilarning loyihalarini baholash va g‘oliblarni aniqlash uchun tegishli soha mutaxassislaridan iborat, besh kishidan kam bo‘lmagan tarkibdagi Marafon komissiyasi (keyingi o‘rinlarda-Komissiya) tuziladi hamda Komissiya kotibi aniqlanadi.

5. Marafonning institut bosqichlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni institutning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

II. Marafonni o‘tkazish tartibi, muddatlari va shartlari

6. Marafonda ishtirok etuvchi yoshlarni aniqlash maqsadida institutning rasmiy veb sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon berilib, 7 kun davomida ishtirokchilar ro‘yxatga olinadi.

7. Marafon ishtirokchilari ro‘yxatdan o‘tishda aniq bir muammo yoki mavjud potensial imkoniyatdan kelib chiqqan holda innovatsion harakterga ega g‘oya yoki loyihani taklif etishlari lozim.

8. Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:

“Eng yaxshi innovatsion texnologiya”, bunda, joriy yilda talaba tomonidan yaratilgan loyihaning respublika hududida avval qo‘llanilmagan yangi texnalogiyalar va jarayonni tashkillashtirish tamoyillaridan foydalanish darajasi, uning dolzarbligi ko‘rib chiqiladi;

“Eng yaxshi yoshlar akademiyasi lideri”, bunda joriy yilda talaba tomonidan yaratilgan ilmiy ishlar, loyiha va ixtirolar, innovatsion g‘oyalar, ratsionalizatorlik takliflari, ularning yangiligi, dolzarbligi, ilmiy ahamiyati va qilgan targ‘ibot ishlari natijasi ko‘rib chiqiladi.

9. Marafonda ishtirok etmoqchi bo‘lgan talaba-yoshlar yakka o‘zi yoki ko‘pi bilan uch nafar talaba yoshlardan iborat jamoa bo‘lib ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

10. Marafon quyidagi tartibda tashkil etiladi:

- Rasmiy ochilish marosimi –1-kun;

- Seminar treninglar –1-2-kunlar;

- Loyihalarni shakllantirish va rivojlantirish davri –3-5-kunlar;

- Loyihalar taqdimoti –6-7-kunlar;

- Yopilish marosimi va g‘oliblarni taqdirlash –8-kun.

11. Rasmiy ochilish marosimi – institutda Marafonning rasmiy ochilish marosimi o‘tkaziladi. Unda institut rahbariyati, talaba-yoshlar va Marafon ishtirokchilari qatnashadi. Ochilish marosimida Marafon ishtirokchilariga Marafonni o‘tkazish tartiblari, loyihalarni baholash mezonlari, g‘oliblarni rag‘batlantirish to‘g‘risida batafsil ma’lumot beriladi.

12.Seminar-treninglar –Marafon ishtirokchilari uchun tashkil etiladigan o‘quv dasturi hisoblanadi. Unda institutda ilmiy tadqiqot va innovatsion sohada faoliyat olib boruvchi o‘qituvchi yoki boshqa mutaxassislar yordamida Marafon ishtirokchilariga quyidagi mavzular bo‘yicha seminar treninglar o‘tiladi:

-Ilmiy unvon va ilmiy darajalar to‘g‘risida ma’lumot va ularni olish tartiblari;

-Ilmiy va innovatsion loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish tartiblari;

-Startap loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish tartiblari;

-Loyihalarni xarajatlar smetasini shakllantirish tartiblari;

-“Bo‘lajak olim” tanlovi va “Akademik harakatchanlik” dasturi nizomlari.

13.Loyihalarni shakllantirish va rivojlantirish davri – Marafon ishtirokchilari o‘z loyihalarini rivojlantirish va loyiha hujjatlarini shakllantirishlari uchun 5 kun vaqt beriladi. Mazkur davrda ishtirokchilar o‘z loyihalarini rivojlantirish ustida ishlaydilar, loyihalarga qo‘shimcha yangiliklar va funksiyalar kiritadilar.

14.Loyihalar taqdimoti –Marafonning har bir ishtirokchisi o‘z loyihalarini Komissiya a’zolariga taqdimot qilishadi. Har bir ishtirokchiga taqdimot qilish uchun 5 daqiqa vaqt, savol-javoblar uchun qo‘shimcha 2 daqiqa vaqt beriladi. Loyihalarni baholash mazkur nizomning 1-ilovasida ko‘rsatilgan mezonlar asosida amalga oshiriladi. Loyihalar taqdimoti jarayonida Komissiya kotibi tomonidan Komissiya bayoni yuritiladi. Loyihalar taqdimoti yakunida Komissiyaning har bir aʼzosi tomonidan qo‘yilgan ballarumumlashtiriladi.

15.Yopilish marosimi va g‘oliblarni taqdirlash – Marafon ishtirokchilarining loyihalarini baholash natijasida eng yuqori natija ko‘rsatgan 3 ta loyiha institutda tashkil etilgan Marafon g‘oliblari deb e’lon qilinadi.

16.Marafon ishtirokchilari, Komissiya a’zolari, Komissiya a’zolarining qo‘ygan ballari, Marafon g‘oliblari va ularning ishlanmalari to‘g‘risidagi maʼlumotlar Komissiyasining bayonida ko‘rsatiladi hamda komissiya raisi tomonidan imzolanadi.

17.Natijalar Komissiya tomonidan bayon bilan tasdiqlanib, institutning Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy pedagogic kadrlar tayyorlash sektoriga taqdim etilganidan so‘ng, yakuniy (hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib) hisoblanadi va komissiya qarori bo‘yicha izoh berilmaydi.

18.Marafon natijalari va g‘oliblarini eʼlon qilish hamda taqdirlash marosimi Marafonning oxirgi kuni amalga oshiriladi.

19.Institut Marafon ishtirokchilarini tanlovning talab va shartlari to‘g‘risida xabardor qiladi, tanlov yakunlari bo‘yicha g‘oliblarga xabar beradi va ularni taqdirlashni tashkil etadi.

20.Komissiyasi aʼzolari, institutning va homiylik qiluvchi tashkilotlarning xodimlari va ularning yaqin qarindoshlari Marafonda ishtirok etish huquqiga ega emas.

III. Ishlanmalarni baholash mezonlari

21.Marafonda ishtirok etish uchun ajratib olingan ishlar quyidagi mezonlar asosida, har bir mezon uchun alohida 10 ballik tizim bo‘yicha baholanadi:

-G‘oya yoki loyihaning ilmiy va innovatsion yangiligi;

-G‘oya yoki loyihaning aniq bir muammoning yechimiga yo‘naltirilganligi;

-Mavjud analoglaridan afzalligi;

-Biznes modeli va monetizatsiyasi;

-G‘oyaning amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar;

-Loyiha taqdimotining mukammalligi;

-Loyiha pasporti, biznes-rejasi va xarajatlar smetasi hujjatlari to‘ldirilganligi.

22.Marafon ishtirokchilari Komissiya aʼzolariga loyihaning ilmiy va amaliy hamda ijtimoiy ahamiyatini tushuntirib bera olishini namoyish etishi lozim.

23.G‘oliblarni aniqlashda baholash jarayoni davomida har bir ishtirokchiga komissiya a’zolari tomonidan qo‘yilgan ballar umumlashtiriladi va komissiya a’zolari soniga bo‘linadi. Eng yuqori ball to‘plagan 3 nafar ishtirokchi g‘olib deb hisoblanadi.

24.Ishtirokchilar tomonidan to‘plangan ballar soni bir xil bo‘lib qolgan taqdirda, komissiya a’zolari tomonidan ovoz berish usuli bilan g‘olib aniqlanadi.

25.Loyihaning ilmiy yangiligini va zamonaviyligini ko‘rsatish maqsadida uning analoglari bilan solishtirish imkonini beruvchi maʼlumotlarni, stendlar yoki boshqa qurilmalarda test va sinovdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida maʼlumot berishlari lozim. Agar ishlanma tanlovda ishtirok etgan yoki patentlangan bo‘lsa bu haqda tegishli maʼlumotlar taqdim etiladi.

IV. Tanlov g‘oliblarini mukofotlash

26.Marafon yakunlariga ko‘ra eng yuqori natijaga ega bo‘lib,1-2-3-oʻrinlarni egallagan gʻoliblar (jamoalar) institut rahbariyati tomonidan maxsus diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadilar:

27.Mukofot Marafonda g‘olib bo‘lgan loyihalarga, uning mualliflari sonidan qatʼiy nazar, belgilangan qiymatda beriladi. Agar jamoa shaklida ishtirok etgan ishtirokchilarning loyihasi g‘oliblikni qo‘lga kiritsa, jamoa a’zolarining har biriga mukofot summasi teng miqdorlarda taqsimlanadi.

28.Marafonni g‘oliblarini taqdirlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlar institutning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

29.Homiylar taqdim etgan qimmatbaho buyum va yoki esdalik sovg‘alar homiylar bilan kelishilgan tartibda g‘oliblarga yoki yuqori ko‘rsatkichlarga ega, faol ishtirokchilarga ham (rag‘batlantiruvchi sovg‘a sifatida) topshiriladi.

30.Marafon to‘g‘risidagi maʼlumotlar va uning natijalari institutning rasmiy web-sayti va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.