Du - Sh 8:30-17:30
Ishonch telefoni 69 211 10 97
   2024-01-04 16:41:00   |      172

Kitobxonlik, mutolaa madaniyatini yuksaltirish - millat taraqqiyotini belgilovchi omil


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi tom ma’noda bizni yanada ogohlikka chaqirdi va daxldorlik tuyg‘usini takomillashtirish vazifasini bajardi, desak, o‘rinli bo‘ladi.

NamDPI

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi tom ma’noda bizni yanada ogohlikka chaqirdi va daxldorlik tuyg‘usini takomillashtirish vazifasini bajardi, desak, o‘rinli bo‘ladi. Prezidentimiz Ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi sifatida jamiyatimiz hayotidagi eng dolzarb masalalarni o‘rtaga tashladi. Shu bilan birga, turli muammolarni, ma’naviy tahdidlarni hal qilishning asosli yo‘llarini tushuntirib berdi.

Kengash yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan o‘rtaga tashlangan masalalar har bir inson qalbida, har bir O‘zbekistonlik qalbida ezgulik mayoqlarini, ma’naviyat sarchashmalarini yoqdi, deb o‘ylayman. Va bu mayoqlar, hech qachon o‘chmasligi, katta bir g‘oya atrofida – Vatanni taraqqiyotga eltish g‘oyasi ostida har birimiz birlashishimiz darkor.

Kengash yig‘ilishida bugunimiz va ertamizga doir muhim g‘oyalar, masalalar, takliflar ilgari surildi. Biz kutgan, orzu qilgan, shu bilan birgalikda, g‘ururimizni uyg‘otadigan masalalar ham kun tartibida bo‘ldi. Yurtimizda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, turli yo‘nalish va mavzudagi adabiyotlarni chop etishni ko‘paytirish uchun nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun korxonalarni 5 yilga soliqlardan ozod qilinganligi, shuningdek, ularga imtiyozli kreditlar ajratilishi, mas’uliyatli mehnatni munosib rag‘batlantirish uchun ulug‘ shoir va tarjimon Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etilishi bo‘yicha bildirilgan fikrlar davrimizning eng dolzarb masalalarini hal etishda qo‘l keladi. Xususan, davlatimiz rahbarining taraqqiy etgan davlatlar yutuqlarini olishimiz, shu bilan birgalikda, o‘zligimizni, milliy qadriyatlarimizni, mental xususiyatlarimizni saqlab qolishimizda kitobxonlikning kerakligi haqidagi fikrlari diqqatga molikdir.            Bir so'z bilan aytganda, kengash yig‘ilishi yurt kelajagi, ertasini yanada yorug‘ bo‘lishiga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Barotjon Ibraximov

Namangan davlat pedagogika instituti Ijtimoiy-gumanitar fanlarni o'qitish metodikasi kafedrasi katta o'qituvchisi