Du - Sh 8:30-17:30
Ishonch telefoni 69 211 10 97
   2024-04-09 12:00:00   |      91

MUHIM TARIXIY HUQUQIY MANBA


Amir Temurning davlatchilik, diplomatiya, harbiy mahorat, bunyodkorlik salohiyati, ilm-fan, san’at va me’morchilikka oid qarashlari, hayotning ma’no-mazmuni, insonni ulug‘laydigan ezgu ishlar haqida bildirgan fikrlari, dinu diyonat, adolat, saltanat ishlarini kengash va tadbir asosida amalga oshirish, uzoqni ko‘zlab, el manfaatini o‘ylab ish tutish kabi masalalar uning tafakkuri mahsuli bo‘lgan «Temur tuzuklari» asarida aniq, ishonarli va ta’sirchan tarzda yoritilgan.

NamDPI

Asarni o‘qirkanmiz, uning har bir satri bir umr el-yurt, saltanat tashvishi bilan yashagan fidoyi inson, ulkan davlat arbobining keng miqyosdagi o‘y-fikrlari, hayot va kurash tajribasi, mushohadasi, dardli va iztirobli kechinmalari bilan sug‘orilganini anglaymiz. Sohibqiron o‘sha davrlardan farqli holda, jamiyatdagi barcha tabaqalarning haq-huquqi va manfaatini inobatga olib, ularning hayoti uchun zarur ijtimoiy zaminni vujudga keltirgan, har bir toifaning haq-huquqi, burch va majburiyatini o‘ziga xos qonun bilan kafolatlagan. Amir Temurning ulkan xizmatlaridan yana biri – davlat boshqaruvini tashkil qilish bilan bog‘liq bo‘lib, hokimiyatning qonun chiqaruvchi va ijroiya tarmoqlariga bo‘linishiga asoslangan tizimni joriy etishda o‘zi yashab turgan voqelikni nazarda tutgan holda ish yuritgan.

Sohibqiron Temur oliy davlat idorasi maqomida qurultoyni belgilagan va ushbu siyosiy institut boshqaruv mahkamasi va davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan eng asosiy masalalarni hal etib, unda saltanatdagi barcha yirik siyosiy, iqtisodiy, harbiy va madaniy soha namoyandalari ishtirok etgan. Saltanatning ijro etuvchi tizimidagi sakkiz vazirlik va yana bir necha muassasalar moliya, soliqlar, daromad va xarajatlar, mulkchilik, yetishtiriladigan hosil, chorva, yaylovlar ahvoli, obodonchilik, xabar va pochta, harbiy va adliya sohalarini boshqargan. Shu bilan birga, tuzuklarda davlatni idora qilish usullari, qo‘shinni tashkil etish qoidalari, urushlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan turli harbiy uslublar singari qator siyosiy, huquqiy, harbiy va axloqiy g‘oyalar va me’yorlarni o‘z ichiga olgan. Yana bir e’tiborli tomoni, “Temur tuzuklari”ning markazida inson, uning qadr-qimmatiga alohida muhim o‘rin ajratilgan. “Saltanat ishlarini qonun va qoidalar, to‘ra va tuzukka solib, saltanatim martabayu e’tiborini saqladim”, deyiladi asarda va saltanat obro‘-martabasini saqlashga doir to‘rtta asosiy tuzuk sanab o‘tiladi.

Shu o‘rinda taniqli arab tarixchisi ibn Arabshohning quyidagi so‘zlarini yodga olib o‘tmoqchi edik: “Temur qo‘rqmas, shijoatli, botir kishilarni itoat qildiruvchan bo‘lib, jasoratli (kishi)larni, dovyurak va mardlarni yoqtirar edi”. Binobarin, Sohibqironning asosiy maqsadi alohida bo‘lgan mulklarni mustahkam va qudratli davlatga birlashtirishdan iborat bo‘lgan.

Bugunga kelib Amir Temur shaxsi yana Vatan va millat timsoliga aylandi. Sohibqiron nomi, siymosi xalqimizni birlashtirish, jipslashtirish, iymon-oqibatli bo‘lishda, qudratli kelajagimizni qurishda bizga yangi-yangi kuch-quvvat va shijoat bag‘ishlab turibdi. Yoshlarimiz bu kitobni mehr qo‘yib, tushunib, chuqur anglab o‘qisa, qalblaridagi milliy g‘urur tuyg‘usi yuksaladi, qanday buyuk zotlarning avlodi ekanini yanada chuqurroq his etadi, hayotning har qanday sinov va qiyinchiliklarini yengishga qodir inson bo‘lib voyaga yetadi.

Akmal ABDULLAEV,

NamDPI dotsenti, falsafa fanlari bo‘yicha

falsafa doktori (PhD).