Du - Sh 8:30-17:30
Ishonch telefoni 69 227 27 21
   2024-04-19 08:34:00   |      115

Internetni kim tаhrir qilаdi?


Yaqinda internetda bir videoga koʼzim tushdi. Bir ona chamasi 7-8 yoshdagi bolaning qoʼlidan telefonini olib qoʼydi. Bolakayning jazavasi va onasiga boʼlgan munosabatini koʼrib, nahotki bolalarni internet oʼziga shunchalik qamrab oldi deya achinasan kishi.

Internet barchamizga qulaylik yaratishi bilan birga, qaramlikni ham keltirib chiqardi. U baʼzilar uchun talab va istaklarini bajaradigan “tilla baliqqa” oʼxshaydi goʼyo. Men uni katta bogʼga oʼxshataman. U bogʼda chiroyli gullar bilan birgalikda, tikanlilari ham bor. Qaysi birini tanlash, insonni aql-zakovatiga, qiziqishlariga bogʼliqdir.

Aslida axborot oluvchining uchta vazifasi bor. Axborot olish uni tahlil qilish va kerak boʼlsa, boshqalarga ulashishdan iboratdir. Ammo baʼzan biz axborotni olyapmiz-u tahlil qilishni unutub, boshqalarga ham shundayligicha taqdim etyapmiz. Bu esa axborot makonida koʼplab nizolar, axboriy urushlarni keltirib chiqarmoqda. Internet shunday olamki, unda nima deyapmiz, nima joylayapmiz tahrir hayati yoʼq. Shuning uchun bugungi globallashuv jarayonida yoshlarda axborotlarni tahlil qila olish, axborotdagi asosiy xabarni ajratish, aloqaning yoʼnalishini, uning yashirin maʼnosini toʼgʼri tushunish, qisqa qilib aytganda, har qanday axborotni tahlil qilish koʼnikmalarini shakllantirishga taʼlimning barcha bosqichlarida alohida eʼtibor qaratish lozim.

Hech eʼtibor berganmisiz internetga qaram inson insoniylikdan, real hayotdan fidoyilikdan uzoqlashadi. Internetni haqiqiy real hayot deb oʼylaydi. Bu makondan uzoqlashsa, halovatini yoʼqotadi, Ruhiyatida ham chigalliklar paydo boʼla boshlaydi. Tajanglik, jazavador, oʼz qobigʼiga oʼralib olib, faqat yolgʼiz qolishni istaydi. Bu holat uni yaqinlaridan, tevarak atrofdan, oxir-oqibat jamiyatdan uzoqlashtiradi.

Buzgʼunchi guruhlar ham aynan shunday internet domiga tushib qolgan, maʼnaviy qoloq, jamiyatdan uzoqlashgan yoshlarni toʼriga ilintirib, manqurt kimsaga aylantiradi.

Yaqinda dars jarayoni qiziqarli oʼtishi va kerakli malumot olish uchun talabalar oʼrtasida bir soʼrovnoma tashkil qildim. Mavzu internetdan foydalanish haqida edi. Soʼrovnoma ichida “Siz telefoningizsiz qancha muddat yashay olasiz, internetsiz-chi?” degan savolga sakson foiz talaba bir soat telefonsiz qolsam biror narsamni yoʼqotib qoʼygan odamga oʼxshayman. Xalovatim boʼlmaydi deya javob berishdi. Bu esa juda achinarli holat.

Yoshlar doim maʼnaviy-ruhiy koʼmakka muhtoj boʼladi. Bu koʼmak ota-onadan, oʼqituvchi va pedagoglardan kelmasa, boshqa insonlar boʼshliqni toʼldirishga harakat qiladi.

Internetning oʼzgacha jozibasi ham bor. Bir yerda oʼtirgan holda turli xildagi online muloqot seminar-treninglar tashkil etish mumkin, savdo ishlarini olib borish, yana ham aniqrogʼi yaxshi daromad topish mumkin. Insonda medisavodxonlik, internetdan foydalanish madaniyati yaxshi rivojlangan boʼlsa, oʼz-oʼzidan jamiyatning asosiy insoniga — fenomeniga aylanish mumkin.

Bugungi kunda oʼzbek internet makonida milliy kontentni yaratish dolzarb mavzudir. Maʼlumotlarga qaraganda butun dunyo boʼylab oʼzbek tilida soʼzlashuvchilar soni 60 milliondan oshadi hamda 50 dan ortiq xorijiy davlatlarning oʼquv yurtlarida oʼzbek tili oʼrgatilmoqda. Аmmo bu oʼzbek milliy kontentini dunyoga tanitish uchun yetarli emas. Bu borada qilinadigan koʼp ishlar bor. Chunki dunyo aholisining koʼp qismi internet bilan samarali ish olib boradi. Dunyoga oʼz tilini tanitish, dunyohamjamiyatida oʼzbek tilini maqomini mustahkamlash uchun milliy kontenti rivojlantirish lozim.

Sevara BOTIROVА,

Namangan davlat pedagogika instituti Gumanitar fanlar kafedrasi mudiri