info@namspi.uz +998 69 211-10-97
UZA.UZ yangiliklari
Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi
Yig'ilishlar

OTA-ONALAR VA TA’LIM MUASSASASI HAMKORLIGI — SIFATLI TA’LIM VA SAMARALI TARBIYANING MUHIM OMILI

Namangan davlat pedagogika instituti Ijtimoiy fanlar fakultetida Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili hamda rus tili ta’lim yo‘nalishlarining birinchi bosqich talabalari ota-onalari ishtirokida navbatdagi yig‘ilish tashkil etildi.

30 октябр 2026 Yig'ilishlar 6 marta ko‘rilgan

Namangan davlat pedagogika instituti Ijtimoiy fanlar fakultetida Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili hamda rus tili ta’lim yo‘nalishlarining birinchi bosqich talabalari ota-onalari ishtirokida navbatdagi yig‘ilish tashkil etildi.


 

Mazkur uchrashuv talabalarning ta’lim-tarbiya jarayonidagi ishtirokini yanada faollashtirish, ularning o‘quv faoliyatini muntazam nazorat qilib borish, ota-onalar bilan samarali hamkorlikni mustahkamlash hamda yoshlarning har tomonlama barkamol shaxs sifatida kamol topishiga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazildi.


 

Yig‘ilishda Ijtimoiy fanlar fakulteti dekani S. Mutalov so‘zga chiqib, talabalarning sifatli ta’lim olishi, dars mashg‘ulotlariga muntazam va o‘z vaqtida qatnashishi, institutning ichki tartib-qoidalariga qat’iy rioya etishi, odob-axloq me’yorlariga amal qilishi hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida to‘xtaldi.


 

Shuningdek, oliy ta’lim muassasasida yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, talabalarning ilmiy va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish, ularni turli tanlovlar, fan olimpiadalari, ilmiy-amaliy anjumanlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga keng jalb etish muhim vazifalardan ekani ta’kidlandi.


 

Uchrashuv davomida talabalarning davomati, o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari, ta’lim intizomi, ijtimoiy faolligi hamda tarbiyaviy muhit bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi. Mavjud muammo va kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni bartaraf etishda ota-onalar, professor-o‘qituvchilar va tyutorlarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.


 

Fakultetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari B. Kenjayev o‘z so‘zida yoshlar tarbiyasida oila va ta’lim muassasasi o‘rtasidagi uzviy hamkorlikning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.


 

Xususan, talabalarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi, ularning turli salbiy ta’sirlardan himoyalanishi, sog‘lom turmush tarziga amal qilishi, bo‘sh vaqtini foydali mashg‘ulotlarga yo‘naltirishi hamda mas’uliyat hissini oshirishda ota-onalarning doimiy e’tibori va nazorati muhim ekani qayd etildi.


 

Shu bilan birga, ota-onalarga farzandlarining o‘quv jarayonidagi ishtiroki, davomati, xulq-atvori va kundalik faoliyati yuzasidan guruh tyutorlari bilan muntazam aloqada bo‘lish, yuzaga kelayotgan masalalarni hamkorlikda hal etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.


 

Ochiq muloqot ruhida o‘tgan yig‘ilishda ota-onalarning fikr-mulohazalari va takliflari tinglanib, talabalarning ta’lim-tarbiyasi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.


 

Yig‘ilish yakunida ota-onalar bilan tizimli hamkorlikni davom ettirish, talabalarning bilim olishga bo‘lgan mas’uliyatini oshirish, ularning ijtimoiy-ma’naviy muhitini doimiy nazorat qilib borish hamda ta’lim-tarbiya jarayonida uchrayotgan muammolarni birgalikda hal etishga kelishib olindi.


 

Zero, oila va ta’lim muassasasining mustahkam hamkorligi — bilimli, mas’uliyatli, yuksak ma’naviyatli va raqobatbardosh yosh mutaxassislarni tarbiyalashning muhim poydevoridir.

Maqolani ulashing
ODINA YUSIFJANOVA
Maqola muallifi

ODINA YUSIFJANOVA

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl + Enter bosing