Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/1203
“Yoshlar korrupsiyaga yo‘q deydi!”: talabalarning munosabati tasviriy san’at asarlarida
12 ноябр 2026
Mazkur tanlovlar doirasida rasm chizish yo‘nalishidagi ijodiy jarayonlar talaba-yoshlarning korrupsiyaga qarshi munosabatini tasviriy san’at orqali ifodalashiga imkon yaratdi. Ishtirokchilar o‘z ishlarida halollik, adolat, vijdon va mas’uliyat tushunchalarini badiiy talqin etib, korrupsiyaning jamiyat hayotiga salbiy ta’sirini yoritishga intildilar.
Ijodiy jarayonda talabalar mavzuga oid g‘oyalarini qog‘ozga tushirib, ranglar uyg‘unligi, kompozitsiya va ramziy obrazlar orqali ta’sirchan tasvirlar yaratdilar. Har bir ijodiy ishda yoshlarning ijtimoiy voqelikka munosabati, adolatli jamiyat haqidagi qarashlari hamda halollikni hayotiy mezon sifatida qabul qilishga da’vati aks etdi.
Chizilgan rasmlarda poraxo‘rlik va manfaatparastlikning zararli oqibatlari, insonning o‘z vijdoni oldidagi mas’uliyati hamda qonun ustuvorligining ahamiyati tasviriy vositalar yordamida ifodalandi. Talabalar korrupsiyaga qarshi kurashishda befarq bo‘lmaslik, noqonuniy xatti-harakatlarga murosasiz munosabat bildirish g‘oyalarini san’at tili orqali yetkazishga harakat qildilar.
Rasm chizish jarayoni ishtirokchilar uchun nafaqat ijodiy mahoratini namoyon etish, balki mavzu yuzasidan chuqurroq fikrlash, korrupsiyaning oqibatlarini anglash va o‘z fuqarolik pozitsiyasini ifodalash maydoniga aylandi. Yoshlar ilgari surgan g‘oyalar tasvirlarda shakllanib, halollik va adolatga chorlovchi ijodiy ishlarda o‘z ifodasini topdi.
Mazkur tashabbus talabalarning badiiy tafakkuri va ijodiy salohiyatini rivojlantirish bilan birga, ularda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni mustahkamlash, institutda sog‘lom ma’naviy muhit va halollik tamoyillarini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.