info@namspi.uz +998 69 211-10-97
UZA.UZ yangiliklari
Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi
Yangiliklar Munosabat

O‘zbekiston–Ozarbayjon: ta’lim sohasidagi hamkorlik — qardosh xalqlar kelajagiga qo‘yilgan mustahkam qadam

Mazkur voqea biz uchun oddiy yangi ta’lim maskanining ochilishi emas. Bu — pedagog kadrlar tayyorlash tizimi, zamonaviy pedagogik ta’lim va ilmiy-tadqiqot infratuzilmasiga berilayotgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasidir.

24 август 2026 Munosabat 47 marta ko‘rilgan

Kecha, 23-avgust kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida ikki qardosh davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadigan muhim kelishuv va tashabbuslar ilgari surildi.

 

Ayniqsa, ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikning yangi mazmun bilan boyitilayotgani biz, pedagoglar uchun alohida ahamiyat kasb etadi.
Tashrifning eng ramziy va ahamiyatli voqealaridan biri — Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusi tantanali ravishda ochilgani bo‘ldi. 40 gektar maydonda barpo etilayotgan zamonaviy kampus 20 ming nafar talabaga mo‘ljallangan bo‘lib, birinchi bosqichda 12 ming o‘rinli o‘quv binolari va zamonaviy laboratoriya majmuasi barpo etilgan.

 

Mazkur voqea biz uchun oddiy yangi ta’lim maskanining ochilishi emas. Bu — pedagog kadrlar tayyorlash tizimi, zamonaviy pedagogik ta’lim va ilmiy-tadqiqot infratuzilmasiga berilayotgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasidir.

 

Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligi doirasida STEAM ta’limiga ixtisoslashgan Landau nomidagi ikki maktabning ishga tushirilgani ham ta’lim sohasidagi innovatsion yondashuvlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Ushbu loyihalar yosh avlodda fan, texnologiya, muhandislik, san’at va matematika yo‘nalishlariga qiziqishni kuchaytirish hamda zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirish uchun muhim zamin yaratadi.

 

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida imzolangan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma esa ikki xalq o‘rtasidagi azaliy qardoshlik va do‘stlik munosabatlarini yangi tarixiy bosqichga olib chiquvchi muhim hujjat sifatida baholanmoqda. Shu bilan birga, madaniyat, turizm, ijtimoiy himoya va boshqa sohalarda qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

 

Ta’lim nuqtayi nazaridan qaraganda, bunday hamkorlikning istiqbollari juda keng. U pedagog kadrlar tayyorlash sohasida tajriba almashish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik hamkorlikni kengaytirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar akademik mobilligini rivojlantirish, raqamli ta’lim va sun’iy intellekt texnologiyalarini ta’lim jarayoniga joriy etish, STEAM, IT va zamonaviy pedagogik texnologiyalar bo‘yicha qo‘shma dasturlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

 

Ayniqsa, pedagogika oliy ta’lim muassasalari uchun mazkur hamkorlikning ahamiyati beqiyos. Chunki bugungi kunda sifatli ta’lim, avvalo, zamonaviy bilim, raqamli kompetensiya va innovatsion tafakkurga ega pedagogni tayyorlashdan boshlanadi.

 

Shu ma’noda, O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlarining yangi bosqichi nafaqat iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni, balki ta’lim va ilm-fan sohasida qo‘shma intellektual salohiyatni yuksaltirish, yosh avlod uchun yangi imkoniyatlar yaratish va ikki qardosh xalqning umumiy ilmiy-ma’rifiy makonini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Namangan davlat pedagogika instituti jamoasi sifatida biz ushbu tarixiy tashrif va unda ilgari surilgan tashabbuslarni yuksak baholaymiz. Qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik ta’lim va ilm-fan orqali yanada mustahkamlanishiga ishonamiz.

 

Zero, bugun ta’limga qo‘yilgan sarmoya — ertangi taraqqiyot, intellektual salohiyat va umumiy farovon kelajakka qo‘yilgan eng ishonchli qadamdir.
O‘zbekiston va Ozarbayjon — abadiy do‘stlik, mushtarak taraqqiyot va umumiy kelajak sari!

 

Marg'uba ESHNAZAROVA
Intelektual fanlar va axborot texnologiyalari kafedrasi professori

Maqolani ulashing
BAXTIYOR YULDASHEV
Maqola muallifi

BAXTIYOR YULDASHEV

Markaz boshlig'i · Raqamli ta'lim texnologiyalari markazi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl + Enter bosing