Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/864
Dual ta’lim — ta’lim va ishlab chiqarish jarayonlarini o‘zaro uyg‘unlashuvi.
03 октябр 2026
Bugungi kunda ta’lim jarayonini ishlab chiqarish va amaliy faoliyat bilan uzviy bog‘lash, talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, dual ta’lim tizimi talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Dual ta’lim jarayonida talaba ta’lim muassasasida nazariy bilimlarni egallashi bilan bir qatorda, korxona, tashkilot yoki tegishli amaliyot bazasida bevosita amaliy faoliyat olib boradi. Bu esa talabaning tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha real ish jarayonlari bilan yaqindan tanishishi, zamonaviy texnologiyalar va ish usullarini o‘rganishi hamda kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirishiga imkon yaratadi.
Dual ta’limning muhim jihatlaridan biri — talabaning ish jarayonida bevosita ishtirok etishi va o‘z bilimlarini amaliy vazifalarni bajarish orqali mustahkamlashidir. Amaliy mashg‘ulotlar davomida talaba mehnat intizomi, jamoada ishlash, mas’uliyatni his qilish, ish vaqtini to‘g‘ri taqsimlash va kasbiy vazifalarni sifatli bajarish kabi ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.
Fikrimizcha, dual ta’lim tizimining samarali tashkil etilishi talabalarning kasbiy tayyorgarligini oshirish, nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirish hamda kelgusida munosib ish o‘rniga ega bo‘lish uchun zarur tajribani shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Umuman olganda, dual ta’lim — ta’lim va ishlab chiqarish jarayonlarini o‘zaro uyg‘unlashtiruvchi, talabaning kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarini amaliy faoliyat orqali rivojlantirishga qaratilgan samarali ta’lim shaklidir. Mazkur tizimni yanada rivojlantirish orqali zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan malakali mutaxassislarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish mumkin.