info@namspi.uz +998 69 211-10-97
UZA.UZ yangiliklari
Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi
Yangiliklar Munosabat

Men ushbu islohotlarga qanday hissa qoʻsha olaman?

Bugun mamlakatimiz taraqqiyotini taʼlim va ilm-fan sohasidagi islohotlardan ayro tasavvur etib boʻlmaydi. Chunki har qanday davlatning ertangi kuni, avvalo, uning qanday avlodni tarbiyalayotgani, yoshlarga qanday bilim va koʻnikmalar berayotgani bilan belgilanadi.

05 октябр 2026 Munosabat 37 marta ko‘rilgan

Bugun mamlakatimiz taraqqiyotini taʼlim va ilm-fan sohasidagi islohotlardan ayro tasavvur etib boʻlmaydi. Chunki har qanday davlatning ertangi kuni, avvalo, uning qanday avlodni tarbiyalayotgani, yoshlarga qanday bilim va koʻnikmalar berayotgani bilan belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-oktabrdagi "Oʻzbekiston Respublikasi Taʼlim va ilm-fan vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida"gi farmoni mamlakatimizda taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, uni zamonaviy talablar asosida boshqarish va taʼlimning barcha bosqichlari oʻrtasida uzviylikni taʼminlash yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.

Farmonga koʻra, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida yagona Taʼlim va ilm-fan vazirligi tashkil etilmoqda.

Bu, mening nazarimda, oddiy tashkiliy oʻzgarish emas. Uning zamirida taʼlimni yaxlit tizim sifatida koʻrish, inson kapitaliga sarmoyani kuchaytirish va mamlakatning intellektual salohiyatini yanada yuksaltirishdek muhim maqsadlar mujassam.

Pedagog sifatida ushbu islohotni, ayniqsa, taʼlimning turli bosqichlari oʻrtasidagi uzviylikni kuchaytirish nuqtai nazaridan muhim deb bilaman. Zero, bolaning maktabgacha taʼlimda olgan ilk tasavvurlari maktabdagi bilimlari bilan, maktabda shakllangan bilim va koʻnikmalar esa kasbiy hamda oliy taʼlimdagi tayyorgarlik bilan uygʻunlashsagina kutilgan natijaga erishish mumkin.

Bugungi zamonaviy taʼlim bizdan faqat bilim berishni emas, balki mustaqil fikrlaydigan, yangilikka intiluvchan, raqobatbardosh va keng dunyoqarashga ega shaxsni tarbiyalashni talab qilmoqda. Bu esa taʼlimning har bir boʻgʻini bir-biri bilan hamkorlikda ishlashini taqozo etadi.

Yangi vazirlik zimmasiga maktabgacha taʼlim va tarbiyadan tortib, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimgacha boʻlgan keng qamrovli vazifalar yuklanishi ana shu yaxlit yondashuvning amaliy ifodasidir.

Shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, qoʻshimcha va norasmiy taʼlim yoʻnalishlarining ham yagona tizim doirasida qamrab olinishi insonning butun umri davomida taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Ayniqsa, oliy taʼlimni ilm-fan bilan yaqindan integratsiya qilish masalasi biz, professor-oʻqituvchilar uchun alohida ahamiyatga ega. Chunki universitet va institut faqat tayyor bilimlarni yetkazib beruvchi muassasa emas, balki yangi gʻoyalar, ilmiy izlanishlar va innovatsion ishlanmalar markazi boʻlishi kerak.

Oʻqituvchi ilmiy izlansa, talaba izlanishga intiladi. Taʼlim jarayoni tadqiqot bilan uygʻunlashsa, dars oddiy axborot uzatishdan ijodiy va ilmiy muhitga aylanadi. Shu jihatdan yangi tizim ilm-fan natijalarini taʼlim jarayoniga tezroq tatbiq etish, yosh tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash va taʼlim muassasalarida ilmiy muhitni yanada kuchaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, deb oʻylayman.

Soʻnggi yillarda yurtimizda taʼlim sohasiga boʻlgan eʼtibor har qachongidan ortib borayotganini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda. Yangi maktablar va taʼlim muassasalari barpo etilmoqda, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda, pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oliy taʼlim qamrovi kengayib, yoshlarning bilim olishi va kasb egallashi uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Eng muhimi, bu jarayonda taʼlimga faqat bir sohaning vazifasi sifatida emas, balki mamlakat taraqqiyotining asosiy omili sifatida qaralmoqda.

Yangi vazirlikning tashkil etilishi ana shu islohotlarni yagona maqsad va yagona yondashuv asosida davom ettirish imkonini beradi.

Biz — oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklanmoqda. Yangi islohotlardan kutilayotgan natija, avvalo, pedagogning oʻz kasbiga munosabati, ilmiy salohiyati, zamonaviy metodlarni oʻzlashtirishi va yoshlarga berilayotgan taʼlim mazmuniga bogʻliq.
Shuning uchun har bir oʻqituvchi "Yangi tizim menga nima beradi?" degan savol bilan cheklanib qolmasdan, "Men ushbu islohotlarga qanday hissa qoʻsha olaman?", degan savolni ham oʻziga berishi zarur.
Zero, taʼlimdagi islohotlarning haqiqiy samarasi auditoriyada, dars jarayonida, ilmiy laboratoriyalarda, oʻquvchi va talabaning bilimi hamda dunyoqarashida namoyon boʻladi.

Bugun biz taʼlim tizimida yangi bosqich ostonasida turibmiz. Bu bosqichning bosh maqsadi — zamonaviy bilimga ega, mustaqil fikrlaydigan, yuksak maʼnaviyatli va raqobatbardosh avlodni tarbiyalashdir.

Shu nuqtai nazardan, Taʼlim va ilm-fan vazirligining tashkil etilishi mamlakatimizda inson kapitaliga boʻlgan eʼtiborning yana bir yuksak ifodasi, taʼlim va ilm-fanni taraqqiyotning ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilab olishning muhim amaliy qadami boʻldi.

Ishonamanki, ushbu islohotlar natijasida taʼlimning barcha bosqichlari oʻrtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanib, ilm-fan va taʼlimning oʻzaro integratsiyasi yangi mazmun bilan boyiydi. Eng muhimi, bu oʻzgarishlar yurtimizning ertangi taraqqiyoti uchun mustahkam intellektual poydevor yaratishga xizmat qiladi.
Rayhona TILLAYEVA,
NamDPI Filologiya kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari doktori, dotsent.

Manbaa: https://t.me/namspi.uz

Maqolani ulashing
O
Maqola muallifi

OZODA TURSUNBOYEVA

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl + Enter bosing