Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/953
Talabalarning ijara xonadonlari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati tekshirildi .
12 октябр 2026
Talaba-yoshlarning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, ularning xavfsiz va qulay muhitda tahsil olishlarini ta’minlash hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Joriy yilning 12-oktyabr kuni Ijtimoiy fanlar fakulteti Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi M. Payzibayeva, Filologiya kafedrasi mudiri R. Tillayeva hamda katta o‘qituvchi Sh. Ermatovalar Namangan shahar "Obi hayot" MFY hududida ijara huquqi asosida istiqomat qilib kelayotgan 1-bosqich talaba-qizlarining yashash sharoitlarini yaqindan o‘rganishdi.
Tashrif davomida mas’ullar xonadonlardagi sanitariya-gigiyena holati, isitish tizimlari hamda talabalar uchun yaratilgan boshqa shart-sharoitlarni birma-bir ko‘zdan kechirdilar. Xususan, xonadonlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, energiya resurslaridan (elektr va gaz jihozlaridan) xavfsiz va oqilona foydalanish holati qat'iy nazoratga olindi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, qizlar uchun yaratilgan sharoitlar qoniqarli deb baholandi.
Shuningdek, muloqot chog‘ida talabalarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini oshirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish hamda turli to‘garaklarga jalb etish masalalari muhokama qilindi. Talabalarni qiynayotgan mavjud muammolar tinglanib, ularni hal etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.