Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/954
OTA-ONA VA OLIY TA’LIM: HAMKORLIK — MUVAFFAQIYAT GAROVI
12 октябр 2026
Namangan davlat pedagogika instituti Pedagogika fakulteti Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida talabalarning ta’lim-tarbiyasi va kasbiy rivojlanishida ota-onalar bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida ota-onalar uchrashuvi tashkil etildi.
Unda Pedagogika fakulteti dekani Z. Abdullayev, dekan o‘rinbosarlari va tyutorlar, shuningdek, talabalarning ota-onalari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida oliy ta’lim muassasasi va oila o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, bo‘lajak maktabgacha ta’lim pedagoglarining kasbiy mas’uliyatini oshirish hamda ularning ta’lim-tarbiyasida ota-onalar ishtirokini faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ota-onalarga kredit-modul tizimi, darslarga davomat, HEMIS platformasidan foydalanish, reyting va imtihon talablari, shuningdek, institutning ichki tartib-qoidalari hamda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, talabalarning odob-axloq qoidalariga rioya qilishi, kiyinish madaniyati, darslardagi faolligi va turli to‘garaklarda ishtiroki masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida ota-onalarning savollari, taklif va mulohazalari tinglanib, ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Ochiq va samimiy muloqot shaklida o‘tgan uchrashuv institut, ota-ona va talaba o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.