Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/995
IMKON AKADEMIYASI — BILIM VA KASB SARI YANGI QADAM
15 октябр 2026
IMKON AKADEMIYASI — BILIM VA KASB SARI YANGI QADAM
Yoshlar kuni doirasida Namangan davlat pedagogika instituti Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi tyutori O. Madaminova hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi G. Dehqonova tashabbusi bilan tashkil etilgan “Imkon akademiyasi” til va kasb-hunarga o‘rgatish markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi I. Qo‘chqarova hamda Namangan davlat pedagogika instituti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori A. Isoqboyev ishtirok etdilar.
Ochilish marosimida “Imkon akademiyasi”ning asosiy maqsadi, yo‘lga qo‘yiladigan ta’lim yo‘nalishlari hamda yoshlar uchun yaratiladigan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Markazda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash, xorijiy tillarni o‘rganish hamda kasb-hunar sirlarini o‘zlashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbir davomida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning zamonaviy kasblarga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, mustaqil daromad topish imkoniyatlarini kengaytirish hamda yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashiga ko‘maklashish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
“Imkon akademiyasi”ning tashkil etilishi yoshlar, xususan, talaba-yoshlar va xotin-qizlarning bilim va kasbiy salohiyatini oshirish, ularning yangi imkoniyatlardan samarali foydalanishiga ko‘maklashuvchi muhim tashabbuslardan biridir.
Markaz kelgusida bilim olish va kasb egallash istagidagi yoshlar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanishi ko‘zda tutilgan.