info@namspi.uz +998 69 211-10-97
UZA.UZ yangiliklari
Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi
Yangiliklar

Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!

Namangan davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib kutib olish, bayram tadbirlarini yuksak tashkiliy va ma’naviy saviyada o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan umuminstitut o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.

05 август 2026 Yangiliklar 76 marta ko‘rilgan

Seminarda institut rahbariyati, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda o‘quv-yordamchi xodimlar ishtirok etdi.

Tadbirda institut rektori Bahodir Xusanov so‘zga chiqib, Mustaqillikning 35 yilligini munosib nishonlash doirasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yangilanayotgan ta’lim infratuzilmasi hamda professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar uchun yaratilayotgan zamonaviy imkoniyatlar haqida batafsil to‘xtaldi.

Xususan, bayram arafasida institutning qayta ta’mirlanib, zamonaviy talablar asosida jihozlangan 8-o‘quv binosi, talabalarga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish va shaffofligini ta’minlashga xizmat qiluvchi Registrator ofisi, shuningdek, ilmiy va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan Innovatsion markazlarning rasmiy ochilish marosimlarini o‘tkazish rejalashtirilgani ta’kidlandi.

Mazkur yangi maskanlar talabalarning sifatli ta’lim olishi, professor-o‘qituvchilarning zamonaviy sharoitlarda faoliyat yuritishi, ilmiy ishlanmalar va istiqbolli loyihalarni amaliyotga tatbiq etishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Registrator ofisi orqali talabalarga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari yagona markazda tashkil etilib, murojaatlarni tezkor va samarali hal etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Innovatsion markazlar esa yoshlarning startap loyihalari, ilmiy izlanishlari va zamonaviy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlovchi muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.

Seminarda, shuningdek, Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan “Istiqlol bunyod etgan ma’rifat maskani” nomli maxsus ko‘rsatuvni suratga olish masalasi ham muhokama qilindi. Ko‘rsatuvda institutning kecha va buguni, o‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, ta’lim jarayonidagi yangilanishlar, zamonaviy o‘quv binolari, ilmiy va innovatsion faoliyat, professor-o‘qituvchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda erishilgan natijalar keng yoritiladi.

Tadbirda Namangan davlat pedagogika institutining maxsus davlat akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgani ham alohida qayd etildi. Mazkur natija institutda ta’lim sifati, o‘quv jarayoni, ilmiy faoliyat, moddiy-texnik baza hamda boshqaruv tizimining belgilangan davlat talablari asosida yo‘lga qo‘yilganini ifodalaydi.

Shuningdek, bayram arafasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, nuroniylar va ta’lim sohasida samarali mehnat qilayotgan professor-o‘qituvchilar holidan xabar olish, ularni bayram bilan qutlash, yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik ruhidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va fleshmoblarni tashkil etish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Seminar yakunida Mustaqillikning 35 yilligini yangi bunyodkorlik loyihalari, mazmunli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va xalqimiz erishgan yutuqlarni keng targ‘ib etish orqali munosib nishonlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

S
Maqola muallifi

SAIDABBOS SAIDAKBAROV

Muhandis dasturchi · Raqamli ta'lim texnologiyalari matkazi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl + Enter bosing