Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/1053
“O‘zbek tilim — iftixorim” mavzusida ilmiy-nazariy seminar o‘tkazildi
21 октябр 2026
“O‘zbek tilim — iftixorim” mavzusida ilmiy-nazariy seminar o‘tkazildi
Namangan davlat pedagogika institutida O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan tadbirlar Maktabgacha, boshlang‘ich va pedagogika oliy maktabi faollar zalida “O‘zbek tilim — iftixorim” mavzusidagi ilmiy-nazariy seminar bilan davom etdi.
Seminarda Namangan viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Bazarov, viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Iroda Qo‘chqarova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Namangan viloyati bo‘limi rahbari Musoxon Appakov kirish so‘zi bilan ishtirok etdilar.
Chiqishlarda ona tilimizning jamiyat hayotidagi o‘rni, uning nufuzini yuksaltirish, yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash hamda davlat tiliga e’tiborni kuchaytirish masalalari haqida so‘z yuritildi.
Seminarning ilmiy qismida Namangan davlat universiteti O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Mo‘minjon Sulaymonov “O‘zbek tilining tarixiy rivojlanish bosqichlari” mavzusida ma’ruza qildi. Unda ona tilimizning tarixiy taraqqiyoti va rivojlanish bosqichlari ilmiy nuqtayi nazardan yoritildi.
Namangan davlat pedagogika instituti Filologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Matluba Ulkanboyeva “Til — millat o‘zligining timsoli” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashdi. Ma’ruzada tilning milliy o‘zlikni anglash, xalqning tarixi va ma’naviy merosini avlodlarga yetkazishdagi ahamiyati ochib berildi.
Yakuniy qismda institut rektori, falsafa fanlari doktori, professor Bahodir Xusanov hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi rahbari Ziyoviddin Mansurov so‘zga chiqdilar.
Ilmiy-nazariy seminar ona tilimizning tarixiy ildizlari va bugungi taraqqiyoti haqidagi bilimlarni boyitish, talaba-yoshlarning til madaniyatini yuksaltirish hamda o‘zbek tiliga hurmat va daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.