info@namspi.uz +998 69 211-10-97
UZA.UZ yangiliklari
Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi
Talaba hayoti Yangiliklar

Ijara xonadonlarida talabalar xavfsizligini ta'minlash bo'yicha profilaktik suhbat o'tkazildi

Namangan davlat pedagogika instituti Pedagogika fakulteti professor-o'qituvchilari D. Oribboyeva va N. Mahmudovalar tomonidan ijara xonadonlarida istiqomat qiluvchi talabalarning yashash sharoitlarini o'rganish, ularning hayoti va salomatligini muhofaza qilish, shuningdek, xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini ta'minlash maqsadida profilaktik tadbir tashkil etildi.

09 ноябр 2026 Yangiliklar 12 marta ko‘rilgan

Tadbir davomida professor-o'qituvchilar talabalar istiqomat qilayotgan ijara xonadonlariga tashrif buyurib, ular bilan kundalik hayotda texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilish, elektr qurilmalaridan to'g'ri va ehtiyotkorlik bilan foydalanish, elektr jihozlarini nazoratsiz qoldirmaslik hamda elektr simlari va rozetkalarning soz holatda bo'lishiga e'tibor qaratish yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bordilar.
Shuningdek, talabalarga isitish pechlari, gaz plitasi va boshqa gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga qat'iy rioya qilish, xonadonlarni muntazam shamollatib turish, gaz hidi sezilganda amalga oshirilishi lozim bo'lgan choralar hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish bo'yicha muhim tavsiyalar berildi.
Suhbat jarayonida is gazidan zaharlanishning inson salomatligi va hayoti uchun jiddiy xavf tug'dirishi, nosoz gaz uskunalari va havo almashinuvining yetarli emasligi turli baxtsiz hodisalarga sabab bo'lishi mumkinligi alohida ta'kidlandi. Talabalarga favqulodda vaziyatlarda tezkor va to'g'ri harakat qilish, zarur hollarda tegishli xizmatlarga murojaat etish lozimligi tushuntirildi.
Tashrif davomida talabalarning yashash sharoitlari, xonadonlardagi mavjud xavfsizlik holati va kundalik turmushda uchrashi mumkin bo'lgan muammolarga ham e'tibor qaratildi. Talabalar bilan samimiy muloqot o'tkazilib, ularning savollariga atroflicha javob berildi.
Mazkur profilaktik tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad — talabalar o'rtasida xavfsiz hayot kechirish madaniyatini shakllantirish, ularning salomatligini asrash, turli baxtsiz hodisalarning oldini olish hamda ijara xonadonlarida istiqomat qiluvchi yoshlarning xavfsizligini ta'minlashdan iborat.
Namangan davlat pedagogika institutida talabalarning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini o'rganish, ularni qo'llab-quvvatlash va xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

Manbaa: https://t.me/namspii

Maqolani ulashing
MOHIZAR ABDUG‘ANIYEVA
Maqola muallifi

MOHIZAR ABDUG‘ANIYEVA

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl + Enter bosing