Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/1172
“Ustoz siymosi — ijodkor nigohida”: talabalar ijodiy ishlari ko‘rgazmasi tashkil etildi
09 ноябр 2026
Institut hovlisida namoyish etilgan barcha ijodiy ishlar talabalar tomonidan dars mashg‘ulotlari davomida tayyorlangan bo‘lib, ularning bilimi, mahorati, ijodiy izlanishi va mehnati mahsulidir. Ko‘rgazma talabalarning o‘quv jarayonida egallagan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llashi, badiiy g‘oyalarini mustaqil ifodalashi va kasbiy ko‘nikmalarini namoyon etishi uchun imkoniyat yaratdi.
Ustozlar rahbarligida dars jarayonlarida yaratilgan ushbu ishlanmalar talabalarning san’atga bo‘lgan qiziqishi, tasavvuri va o‘ziga xos ijodiy yondashuvlarini aks ettirdi. Har bir ish zamirida yoshlarning o‘z ustida ishlashi, mashg‘ulotlarda orttirgan tajribasi hamda ijodiy g‘oyani tayyor asarga aylantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari mujassam.
Ko‘rgazma orqali institut jamoasi talabalarning dars mashg‘ulotlaridagi amaliy faoliyati va uning natijalari bilan yaqindan tanishdi. O‘quv auditoriyalarida bajarilgan ishlarning keng namoyish etilishi yosh ijodkorlarning mehnatini e’tirof etish, ularni yangi izlanishlarga rag‘batlantirish hamda ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish jihatidan ahamiyatli bo‘ldi.
“Ustoz siymosi — ijodkor nigohida” mavzusi esa talabalarga ustozga bo‘lgan hurmat va ehtiromini san’at vositasida ifodalash imkonini berdi. Mazkur ko‘rgazma ta’lim jarayoni bilan ijodiy faoliyatning uzviy bog‘liqligini, talabalarning kasbiy rivojlanishida amaliy mashg‘ulotlarning muhim o‘rin tutishini namoyon etdi.