info@namspi.uz +998 69 211-10-97
UZA.UZ yangiliklari
Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi
Yangiliklar

NamDPIda “Kasaba uyushmalari — mehnat jamoasi manfaatlari himoyachisi” mavzusida muloqot tashkil etildi

Namangan davlat pedagogika institutida 11-noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan “Kasaba uyushmalari — mehnat jamoasi manfaatlari himoyachisi” mavzusida muloqot tashkil etildi. Unda institut rahbariyati, kasaba uyushmalari tizimi vakillari, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi.

11 ноябр 2026 Yangiliklar 15 marta ko‘rilgan



Tadbirni institut kasaba uyushmasi raisi Elmurod Tojiboyev ochib berib, yig‘ilganlarni kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi. O‘z nutqida kasaba uyushmalarining mehnat jamoasidagi o‘rni, xodimlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda jamoada sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni mustahkamlash borasidagi faoliyatiga alohida to‘xtaldi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Namangan viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Lutfiddin Fatxiddinovich G‘aniyev so‘zga chiqib, soha vakillarini bayram bilan muborakbod etdi.

U o‘z chiqishida mamlakatimizda kasaba uyushmalari faoliyatini rivojlantirish, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini ta’minlash, mehnat munosabatlarida ijtimoiy sheriklik tamoyillarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati haqida fikr bildirdi. Shuningdek, ta’lim muassasalarida kasaba uyushmalarining faolligini oshirish, xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning manfaatlarini himoya qilish masalalariga e’tibor qaratdi.

Tadbirda institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ahliddin Abdunazarov ham nutq so‘zlab, kasaba uyushmalari xodimlari va faollarini bayram bilan samimiy qutladi.
Prorektor o‘z nutqida institutda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va jamoada o‘zaro hamjihatlikni ta’minlashda kasaba uyushmasining muhim o‘rni borligini ta’kidladi.

Ayniqsa, institut rahbariyati va kasaba uyushmasi o‘rtasidagi samarali hamkorlik xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning mehnatini munosib qadrlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda jamoaviy birdamlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Muloqot davomida kasaba uyushmalarining nafaqat xodimlar manfaatlarini himoya qiluvchi, balki ta’lim muassasasida sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirish, jamoa a’zolarini birlashtirish va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim tuzilma ekanligi alohida e’tirof etildi.

Tadbir soha vakillariga bildirilgan samimiy tabriklar, ezgu tilaklar hamda kasaba uyushmalari faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan fikr-mulohazalar bilan yakunlandi.

Manbaa: https://t.me/namspii

Maqolani ulashing
MOHIZAR ABDUG‘ANIYEVA
Maqola muallifi

MOHIZAR ABDUG‘ANIYEVA

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl + Enter bosing