Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/784
GIYOHVANDLIK VA NARKOJINOYATLARGA QARSHI KURASHISH MAQSADIDA PROFILAKTIK UCHRASHUV TASHKIL ETILDI
15 сентябр 2026
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-207-son Farmoni ijrosi doirasida Namangan davlat pedagogika institutida giyohvandlik va psixotrop vositalari muomalasiga qarshi kurashish maqsadida profilaktik uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor A.Isoqboyev, Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo‘yicha rektor maslahatchisi M.Xodjayev, Namangan shahar IIB 4-sonli huquq-targ‘ibot maskani bosh inspektori, mayor I.No‘monov, institut rahbarlari, profilaktika inspektori hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
⚪️Tadbir davomida giyohvandlik va psixotrop vositalarining inson salomatligi, ma’naviy-ruhiy holati hamda jamiyat taraqqiyotiga yetkazadigan salbiy ta’sirlari, yoshlar orasida sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirish, ularni turli zararli illatlardan asrash hamda narkojinoyatlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
⚪️Shuningdek, ishtirokchilarga giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi, ulardan foydalanishning huquqiy oqibatlari hamda amaldagi qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari yuzasidan keng tushuntirishlar berildi. Yoshlarning bunday vositalarga nisbatan ogohligini oshirish, turli noqonuniy taklif va ta’sirlarga berilmaslik, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishda hushyor va mas’uliyatli bo‘lish muhimligi ta’kidlandi.
⚪️Giyohvandlik vositalarining turlari, ularning kelib chiqishi, noqonuniy aylanish yo‘llari hamda inson organizmiga ta’siri haqida talabalarga batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Mutaxassislar tomonidan giyohvandlik vositalarining organizmga kuchli zarar yetkazishi, qaramlikning shakllanishi, jismoniy va ruhiy salomatlik bilan bog‘liq og‘ir asoratlar hamda kelgusida turli ijtimoiy muammolarga sabab bo‘lishi aniq misollar asosida bayon etildi.
⚪️Uchrashuvda, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish, sport, kitobxonlik, ta’lim va ijtimoiy faoliyatga keng jalb etish orqali ularni zararli odatlardan himoya qilish samarali profilaktik choralar ekani qayd etildi.
⚪️Talabalarga giyohvandlikning oldini olishda ta’lim muassasasi, oila, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va keng jamoatchilikning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishi tushuntirildi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislardan tegishli javob va tavsiyalar oldilar.