Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/824
Bugun Namangan davlat pedagogika instituti Faollar zalida tibbiyot va tarix fanlari doktori, professor Mirmahmud Mirsaydullayevning “Axsikentlik buyuk allomalar” nomli ma’rifiy ontologiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
29 сентябр 2026
Mazkur tadbir Axsikent zaminida yetishib chiqqan buyuk allomalar, ularning ilm-fan, tibbiyot, tarix va ma’naviyat rivojiga qo‘shgan hissasini keng jamoatchilikka yetkazish, ajdodlar merosini o‘rganish va uni kelajak avlodga targ‘ib etish nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etdi.
Tadbir avvalida Namangan davlat pedagogika instituti rektori, falsafa fanlari doktori, professor Xusanov Bahodir Ergashevich so‘zga chiqib, yangi asar muallifini qutladi hamda mazkur ilmiy-ma’rifiy ishning yosh avlod tarbiyasi va tarixiy xotirani mustahkamlashdagi ahamiyatini ta’kidladi.
Shundan so‘ng kitob muallifi, tibbiyot va tarix fanlari doktori, professor Mirmahmud Mirsaydullayev “Axsikentlik buyuk allomalar” asarining yaratilish tarixi, mazmun-mohiyati va asosiy maqsadi haqida so‘z yuritdi.
Taqdimot davomida Namangan davlat universiteti professori, siyosiy fanlar doktori, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Tursunboy Fayzullayev, Nuroniy jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisining o‘rinbosari Abdurashid Boltaboyev, Namangan davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Mo‘minjon Sulaymonov, Yangiqo‘rg‘on tumani Is’hoq hoji jome masjidi imom-noibi Abduvohid Isoqov so‘zga chiqib, kitobning ilmiy, tarixiy va ma’rifiy ahamiyati xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
“Axsikentlik buyuk allomalar” — yurtimizning boy tarixiy va ilmiy merosini yana bir bor yodga soluvchi, ajdodlarimizning bebaho ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib etishga xizmat qiluvchi muhim ma’rifiy manbadir.
Zero, buyuk ajdodlar merosini o‘rganish — tarixni anglash, tarixni anglash esa milliy o‘zlikni anglash demakdir.
Bunday ilmiy-ma’rifiy tashabbuslar xalqimizning boy tarixini chuqurroq o‘rganish, yosh avlod qalbida ajdodlarga munosib vorislik tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qiladi.