Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/832
Ustozlarga atalgan unutilmas bayram
01 октябр 2026
Ustozlarga atalgan unutilmas bayram
1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Namangan davlat pedagogika institutida tashkil etilgan bayram tadbiri eng yuqori kayfiyat, jo‘shqin kuy-qo‘shiqlar va samimiy lahzalar bilan o‘z yakuniga yetdi.
Tadbirning har bir qismi aziz ustozlarga hurmat va ehtirom ifodasi sifatida tashkil etildi. Diltortar kuy-qo‘shiqlar, ko‘tarinki chiqishlar, samimiy muloqot va hazillar, taqdirlash marosimlari, ta’sirli videoroliklar hamda kutilmagan videotabriklar bayram dasturiga alohida mazmun va fayz bag‘ishladi.
Ayniqsa, tadbir davomida ustozlarning yuzlaridan arimagan tabassum, samimiy kulgu va hayajonli lahzalar bayram dasturi barchaga birdek manzur bo‘lganining eng yorqin ifodasi bo‘ldi. Yangragan har bir kuy, bildirilgan har bir tilak va tayyorlangan har bir chiqishda ustozlarga bo‘lgan cheksiz hurmat hamda minnatdorlik mujassam edi.
Bayramning yakuniy qismi esa yanada jo‘shqin ruhda o‘tdi. Kuy-qo‘shiqlar barchani bir davraga jamlab, samimiylik va ko‘tarinki kayfiyat tadbirning so‘nggi daqiqalarigacha davom etdi.
Bir kun davomida yangragan ezgu tilaklar, e’tiroflar, quvonchli uchrashuvlar va unutilmas lahzalar ustozlarga bildirilgan katta minnatdorlikning o‘ziga xos ifodasiga aylandi.
Har tomonlama puxta tayyorlangan ushbu bayram dasturi institutimizning aziz ustoz va murabbiylariga munosib bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Aziz ustoz va murabbiylar, bayramingiz yana bir bor muborak bo‘lsin!