Namangan davlat pedagogika instituti
Manbaa: https://namspi.uz/uz/837
Margʻuba ESHNAZAROVA Namangan davlat pedagogika instituti professori, O‘quv-uslubiy va texnikaviy kengash raisi
01 октябр 2026
Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, oliy ta’lim mazmunini zamonaviy talablar asosida yangilash, raqobatbardosh va zamonaviy bilimlarga ega mutaxassislar tayyorlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
“Ustoz va murabbiylar kuni”ga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan oliy ta’lim muassasalaridagi darslik va o‘quv adabiyotlarining bugungi kun talablariga muvofiqligi yuzasidan berilgan “Oliygohdagi darsliklarning mazmuni bugungi kun talabiga qanchalik mos?” degan savol nihoyatda dolzarb va tizim oldida turgan muhim vazifalarni aniq ifodalab berdi.
Mazkur savol, avvalo, har bir professor-o‘qituvchini o‘z faoliyatiga tanqidiy nazar bilan qarashga, foydalanayotgan darslik, o‘quv qo‘llanma va metodik materiallarning mazmunini qayta ko‘rib chiqishga undaydi.
Bugungi talaba kechagi bilimlar bilan cheklanib qolmaydi. Fan va texnologiyalar juda tez rivojlanayotgan, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, katta ma’lumotlar, bulutli hisoblash, virtual va kengaytirilgan reallik, robototexnika kabi yo‘nalishlar ta’lim va kasbiy faoliyatning mazmunini tubdan o‘zgartirayotgan bir sharoitda darslik ham doimiy yangilanishni talab etadi.
Prezidentimiz tomonidan oliy ta’lim darsliklari mazmuni yuzasidan bildirilgan tanqidiy fikrlarni biz, avvalo, ta’lim mazmunini yangilash uchun berilgan aniq topshiriq va katta imkoniyat sifatida qabul qilishimiz lozim. O‘quv adabiyot faqatgina nazariy bilimlar majmuasi bo‘lib qolmasligi kerak.
Zamonaviy o‘quv adabiyoti:
fan va ishlab chiqarishdagi eng yangi tendensiyalarni aks ettirishi;
xalqaro ilmiy va ta’lim standartlariga mos bo‘lishi;
talabaning amaliy kompetensiyalarini shakllantirishi;
raqamli va interaktiv ta’lim imkoniyatlari bilan uyg‘unlashishi;
mustaqil fikrlash, muammoli vaziyatlarni tahlil qilish va qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishi;
sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli vositalardan oqilona foydalanish imkoniyatlarini ko‘rsatishi;
mahalliy ta’lim amaliyoti va milliy pedagogik tajriba bilan uyg‘unlashishi zarur.
Ayniqsa, pedagogika oliygohlari uchun bu masalaning ahamiyati yanada katta. Chunki bugungi pedagogika oliygohi nafaqat bilim oluvchi mutaxassisni, balki kelajakda minglab o‘quvchilarning bilim olishiga ta’sir ko‘rsatadigan o‘qituvchini tayyorlaydi.
Shuning uchun pedagog kadrlarni tayyorlashda foydalaniladigan har bir darslik va o‘quv qo‘llanmaning mazmuni zamonaviy ilm-fan, pedagogik texnologiyalar va raqamli transformatsiya jarayonlari bilan hamnafas bo‘lishi kerak.