info@namspi.uz +998 69 211-10-97
UZA.UZ yangiliklari
Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi
Opinion

OLIY TA’LIM TIZIMIDA DUAL TA’LIMNI TASHKIL ETISH

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-yanvardagi 14-son qaroriga muvofiq, Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yangi O‘zbekiston” universitetida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv chog‘ida oliygohlarda dual ta’limni yangicha yondashuv asosida yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdilar.

03 October 2026 Opinion 127 views

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-yanvardagi 14-son qaroriga muvofiq, Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yangi O‘zbekiston” universitetida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv chog‘ida oliygohlarda dual ta’limni yangicha yondashuv asosida yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdilar. Kelgusi yildan “Korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tizimi 75 ta oliy ta’lim muassasasida, 2028-yildan esa barcha oliygohlarda amal qilinishi ta’kidlab o‘tildi. Bu qaror oliy ta’limni mehnat bozori ehtiyojlari bilan yanada yaqinlashtirishga qaratilgan muhim qadam, deb o‘ylayman. Ish beruvchi o‘ziga kerak bo‘lgan nomzodni o‘qitish bo‘yicha oliygohga buyurtma berishi, nomzod test sinovlarisiz, suhbat asosida qabul qilinishi, ishga olingan talabaga to‘lanadigan maoshning yarmini davlat qoplab berishi natijasida “Korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tizimi orqali talaba nazariy bilim bilan birga, amaliyotni ham bevosita ish joyida o‘zlashtirishi, ish beruvchi esa o‘z ehtiyojiga mos mutaxassisni tayyorlash jarayonida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

 

Chunki bugungi kunda talaba uchun faqat diplomning o‘zi yetarli emas. O‘qish bilan birga amaliyot, tajriba va kasbiy ko‘nikmalar ham kerak. “Korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tizimi aynan shu jihatdan menga ma’qul bo‘ldi. Eng yaxshi tomoni — talaba hali o‘qish davridayoq korxona bilan bog‘lanadi, ish tajribasiga ega bo‘ladi va o‘z kasbi bo‘yicha amaliyotda bilim oladi. Ish beruvchi esa o‘z ehtiyojiga mos kadrni tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etadi. Dual ta’lim samarali yo‘lga qo‘yilsa, “O‘qishni tugatdim — endi ish qidiraman” degan yondashuv o‘rniga “O‘qish davridayoq kasb egasiman va mehnat bozoriga tayyorman” degan yangi muhit shakllanishi mumkin. Albatta, har qanday yangi tizimning natijasi uning qog‘ozda qanday belgilanganiga emas, amaliyotda qanday tashkil etilishiga bog‘liq. Shuning uchun oliygoh, korxona va talabaning har tomonlama mas’uliyati muhim deb hisoblayman. Bu tashabbusning haqiqiy samarasi esa, avvalo, uning amaliyotda qanchalik sifatli tashkil etilishi, korxonalarning mas’uliyati va talabalar uchun yaratiladigan sharoitlarga bog‘liq.

 

Ayniqsa, ishga qabul qilingan talabaga maosh to‘lanishi va uning bir qismini davlat tomonidan qoplab berilishi yoshlar uchun katta rag‘bat, deb o‘ylayman. Korxona uzoq hududda joylashgan hollarda ijara xarajatlarining qoplab berilishi ham talabalar uchun muhim qo‘llab-quvvatlash bo‘ladi. Menga ma’qul bo‘lgan yana bir jihat: o‘qishda ham, ishda ham yaxshi natija ko‘rsatgan talabaning ikkinchi kursdan davlat grantiga o‘tishidir. Bu “Mehnat qilsang — imkoniyating kengayadi” degan tamoyilni amalda ko‘rsatib beradi. Shu bilan birga, korxona tomonidan biriktirilgan ustozlarning ham munosib rag‘batlantirilishi juda muhimdir. Chunki talabaga kasb o‘rgatish, uni ish jarayoniga moslashtirish va natijaga olib kelishida ustozning o‘rni beqiyosdir.

Namangan davlat pedagogika instituti Maktabgacha ta'lim kafedrasi katta o'qituvchisi Shaxnoza Nabievna Abdukarimova. 

 

Source: https://t.me/namspii

Share this article
MOHIZAR ABDUG‘ANIYEVA
Maqola muallifi

MOHIZAR ABDUG‘ANIYEVA

Found an error? Select the text and press Ctrl + Enter