Du - Sh 8:30-17:30
Call markazi 69 211 10 97
   2023-03-12 16:54:28   |      259

Vazir o‘rinbosari bmtning xotin-qizlar holati boʻyicha komissiyasining 67-sessiyasida ishtirok etmoqda


NamDPI

Ayni kunlarda BMT Xotin-qizlar holati bo‘yicha komissiyasining 67-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda dunyoning barcha mintaqalaridan a’zo davlatlar, BMT tuzilmalari hamda Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi “ECOSOS” tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari qatorida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdikulova ham O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida qatnashmoqda.

Ayollar maqomi bo‘yicha komissiyaning bu galgi sessiyasi asosiy mavzusi raqamli texnologiyalar va ayollar huquqlari bo‘ldi. Sessiyada ishtirok etgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish “Oddiy narsa: insoniyat ijodiy g‘oyalarsiz fan va texnologiya sohasida o‘z salohiyatining faqat yarmini amalga oshiradi”, — deya ta’kidlab o‘tdi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mamlakatda gender tenglik siyosati, ta’lim va ilm-fanda xotin-qizlarga berilayotgan imtiyozlar, ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ayollar tadbirkorligi va biznes yo‘nalishida imkoniyatlarni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Anjumanda so‘zga chiqqan Sh.Turdikulova 2016-yildan boshlab O‘zbekistonda fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga, shuningdek, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatda to‘liq va teng ishtirokini ta’minlashga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

- Davlatimiz tomonidan universitet va kollej talabalari uchun 7 yillik foizsiz kreditlar ajratilmoqda, — dedi vazir o‘rinbosari.

2022-yildan boshlab universitetning magistratura bosqichida tahsil olayotgan xotin-qizlar uchun o‘qish xarajatlari qoplanmoqda va 300 nafar PhD talabasiga qo‘shimcha moliyaviy yordam ko‘rsatilmoqda. Ayollarning fan va texnologiya sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida muntazam ravishda maxsus “Olima ayollar” tanlovi e’lon qilinmoqda. Shuningdek, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida startap loyihalari uchun 70 ming dollargacha moliyaviy grantlar ajratildi.

Ma’lumo uchun, ushbu xalqaro anjuman 17-martga qadar davom etadi.