Du - Sh 8:30-17:30
Call markazi 69 211 10 97
   2024-06-29 13:45:00   |      75

Yoshlarga yuksak g‘amho‘rlik va imkoniyatlar – taraqqiyoti asosi


NamDPI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida joriy yilning 28-iyun kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar sarhisobi, yangi vazifa va takliflar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi yurtimizdagi barcha yoshlarning hayotida muhim o‘rin tutishi shubhasiz. Mazkur yig‘ilishda hurmatli Prezidentimiz ta’lim tizimiga, shuningdek oliy ta’lim tizimiga katta e’tibor qaratdilar

Bugungi kunda, Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarning oliy ta’lim tizimida tahsil olishlari uchun juda katta imkoniyatlar yaratilishi natijasida, qabul parametrlari miqdori keskin oshirildi, davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalarining soni qariyb uch barobarga ko‘paydi. Jumladan, 2017-yilda mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari soni 72 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib ularning soni 213 taga yetdi. Shu bilan birga, oliy ta’limga qamrov 2017-yilda 9 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2023-yilda 42 foizga yetdi. Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimida tahsil olish imkoniyatlari va davlatning g‘amho‘rligi yanada kengayganligini Prezidentimiz ma’ruzalarida qayd etilgan quyidagi ma’lumotdan ham ko‘rib mumkin. O‘tgan yilda birgina ta’lim kreditidan 151 ming yoshlar foydalangan hamda ehtiyojmand oila farzandi bo‘lgan 110 ming talabaning shartnoma to‘lovi davlat tomonidan to‘lab berilgan.

Shuningdek, mamlakatimiz fuqarolarining xorijiy mamlakatlarda oliy ta’lim olishlari uchun ham katta imkoniyatlar yaratib berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-sentyabrdagi PF-5545-son Farmoniga asosan “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etilib, ko‘plab yoshlarning xorijiy davlatlarda tahsil olishlari uchun imkoniyatlar yaratildi. Davlatimiz rahbari videoselektor yig‘ilishida mazkur masalaga e’tibor qaratib, “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali AQSH va Buyuk Britaniyaning eng nufuzli universitetlarini 50 nafar yigit-qizlar bitirganligi hamda bugungi kunda ularda o‘qiyotgan vatandoshlarimiz 200 dan oshganligi, umuman, 110 ming yoshlarimiz xorijda tahsil olayotganini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

O‘zbekiston yoshlarining xalqaro fan olimpiadalarda ishtiroki masalasi ham yig‘ilishda muhokama etilib, Prezidentimiz tomonidan yoshlarimizning bu borada nazariy bilimlari har doim yuqori bo‘layotgani, laboratoriya mashqlarini bajarishda esa pastroq ball olayotganliklariga e’tibor qaratib, Prezident maktablari agentligi qoshida Olimpiadalarga tayyorlash markazi ochilishi, markaz maxsus laboratoriyalar bilan jihozlanishi, Xalqaro olimpiadada qatnashuvchi terma jamoa reja asosida ushbu markazda tayyorgarlik ko‘rishi, buning uchun har bir fan bo‘yicha malakali olim va xorijiy mutaxassislar jalb qilinishi bo‘yicha qat’iy topshiriq berdilar. Bu o‘z navbatida O‘zbekiston yoshlarining xalqaro fan olimpiadalarida yuksak natijalarni ko‘rsatishlarida muhim omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Hurmatli Prezidentimiz oliy ta’lim va professional ta’limning integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha fikr-mulohazalari e’tiborlidir. Jumladan, endilikda oliy ta’limning birinchi va ikkinchi kurslaridagi fanlar texnikumlar bilan uyg‘unlashadi. Texnikumni yaxshi o‘qigan yoshlarga xalqaro klassifikatorning tegishli darajasiga mos keluvchi diplom beriladi. Ularga oliygohni ikkinchi yoki uchinchi kursdan o‘qishni kontrakt asosida davom ettirish imkoniyati beriladi. Kasbi bo‘yicha malaka darajasi va ikki yillik staji bor yoshlar korxona tavsiyasi bilan kontrakt asosida oliy ta’limga qabul qilinadi. Bu birinchi navbatda professional ta’limga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirsa, ikkinchi tomondan oliy ta’limga qabul qilinayotgan talabalarning kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha samaradorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Ayni paytda, yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining moddiy texnik bazasi kuchaytirish va o‘quv laboratoriya jihozlari bilan ta’minlanlash masalasiga ham Davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tibor qaratildi. Oliy o‘quv yurtlariga tegishli laboratoriyalarning yagona onlayn platformasi yaratiladi, yosh olimlar tadqiqotlari uchun kerak bo‘lgan uskuna, butlovchi qism va kimyoviy vositalarni xarid qilishda davlat bojidan ozod qilinadi. Bu albatta oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot markazlarida fundamental tadqiqotlar olib borishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Yig‘ilishda yana bir muhim ijtimoiy muammo o‘z yechimini topdi. Farzandli bo‘lgan yosh talaba-qizlarning oliy ta’lim muassasalariga kelib tahsil olishlari bir qator muammolarni yuzaga keltirar edi. Mazkur masalaga ham Davlatimiz rahbari tomonidan ijobiy yechim qilib berildi. Endilikda, uch yoshgacha farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi. Albatta, bu farzandli talaba-qizlarni o‘z oilasi bag‘rida turib, farzandi salomatligini ta’minlagan holda bilim olishi uchun katta rag‘batdir.

Yig‘ilishning eng ahamiyatli jihatlaridan biri, uning ochiq muloqot tarzida o‘tkazilganligi bo‘ldi.

O‘rni kelganda ta’kidlash joizki, jonajon yurtimizda yoshlarga berilayotgan bunday e’tibor va g‘amho‘rlik, kelajakda, albatta o‘zining ijobiy samarasini beradi.

 

Alisher Isoqboyev, Namangan davlat pedagogika institutining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori