English English English

Korrupsiyaga qarshi kurashda yangi qadamlar

  10.03.2025 11:31:40    284



Korrupsiyaga qarshi kurashda yangi qadamlar


   O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida o‘tkazilgan yig‘ilishda, korrupsiyaga qarshi kurashning samarali bo‘lishi uchun davlat xizmatiga professional, sadoqatli va fidoyi kadrlarni tanlash zarurligiga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladilar. Yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida erishilgan yutuqlar tahlil qilindi va kelgusi ishlar, strategiyalar aniqlashtirildi.
   O'tgan davrlarda korrupsiyaga qarshi kurashishni kuchaytirish uchun yangi qonunlar qabul qilindi va yangi tizimlar yaratildi. O‘zbekiston parlamenti doirasida mas’ul qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va maxsus Agentliklar tashkil qilinib, ular o‘z faoliyatlarini samarali tarzda olib borishga kirishdi.
   Yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan so‘nggi yillarda korrupsiyaning asosiy omillariga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar ta’kidlandi. Masalan, yer ajratish tizimi yangilandi va hokim qarorlari bilan ajratishdan voz kechilib, auksion tizimiga o‘tkazildi. Bu orqali yer resurslaridan foydalanishda shaffoflik ta’minlandi. Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 10 dan ortiq xizmat turi to‘liq elektron shaklga o‘tkazilib, natijada bu sohadagi murojaatlar 2,5 baravar kamaydi. Shuningdek, oliy ta’lim, bank tizimi va yo‘l harakati xavfsizligi sohalarida ham korrupsiya omillari sezilarli darajada kamaydi.
   Kelgusida korrupsiyaga qarshi kurashish jarayoni uzluksiz borishi va buni amalga oshirishda barcha jamoatchilikning ishtiroki zarurligi ta’kidlandi.
   Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashishning faqat davlat idoralari mas’uliyati emas, balki butun jamiyatning vazifasi ekanligini qayd etdi. Mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, san’at va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, rahbarlar, deputat va senatorlar, umuman, jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga qarshi kurashish uchun harakat qilishlari zarur.
Haqiqatdan ham korrupsiya — taraqqiyotning eng katta to‘sig‘i, xavfsizlikka tahdid soluvchi jiddiy jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish har bir fuqaro va tashkilotning vazifasi bo‘lib, faqat shunday birlashgan sa’y-harakatlar bilan biz korrupsiyani yengishimiz mumkin.
 
Abdunazarov Ahliddin Abdurashitovich,
Namangan davlat pedagogika institutining O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori