English English English

1-APREL — XALQARO QUSHLAR KUNI

  01.04.2025 23:26:17    15


Inson o’z ehtiyojlarini qondirish uchun doimo tabiatga ta’sir etib kelgan va hozirgi fan-texnika asrida esa bu holat eng yuqori darajaga yetmoqda. Insoniyatning ta’siriga kuchli duchor boʻlgan dastlabki tabiat komponentlaridan biri hayvonot dunyosi, shu jumladan, qushlar hisoblanadi. Inson olov va turli qurollarga ega boʻlgan davrlardan boshlab, qushlarni ovlab ularga sezilarli tazyiq oʻtkaza boshladi. Ilmiy taxminlarga qaraganda, yirik, yaxshi ucha olmaydigan qushlar insonlarning dastlabki qurbonlari boʻlishgan. Keyinchalik dunyo aholi sonining keskin ko’payishi va ov qurollarining takomillashib borishi natijasida son sanoqsiz qushlar ovlana boshlandi. Bundan tashqari, qushlar yashaydigan o’rmonlar qishloq xo’jaligi va boshqa turli maqsadlarda yo’q qilinishi sabab qushlarning yashash maskanlari qisqarib bordi. Qushlar yashaydigan ayrim orollar va qit’alarga esa insonlar tomonidan ba’zi yirtqichlarni (kalamushlar, mushuklar, itlar) olib borilishi ham qushlar populyatsiyasiga jiddiy ta’sir eta boshladi. Insonlarning shu kabi ta’sir turlari oqibatida ayrim qushlarning turlari yer yuzasidan butkul qirilib ketdi.


1-APREL — XALQARO QUSHLAR KUNI


Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining ma’lumotlariga koʻra, 1600-yillardan to hozirgacha turli ta’sirlar tufayli sayyoramizdagi qushlarning 94 turi (1,9%) qirilib ketgan.
Qushlarni muhofazalash va ulardan oqilona foydalanish atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Bunday chora-tadbirlarning asosiy maqsadi, qushlarning turli salbiy antropogen va tabiiy ta'sirlar ostida qirilib ketishining oldini olish va ular sonini oʻz-oʻzini tiklash darajasida ushlab turishdan iboratdir. Bunga quyidagilar orqali erishiladi:
•  qushlarni ovlashni tartibga solish;
•  qushlar keng tarqalgan hududlarning ekologik sharoitlarini yaxshilash;
•  qushlarni tabiiy va antropogen(texnogen) ofatlardan himoyalash;
•  qushlarning koʻpayishi, dam olishi, qishlash joylarini maxsus muhofazaga olish;
•  koʻchmanchi qushlarni samarali muhofazalash maqsadida xalqaro hamkorlikni keng yoʻlga qoʻyish;
• qushlarni muhofazalashga doir qonunlar va boshqa me'yoriy hujjatlarni ishlab chiqish hamda ularga rioya etilishini qat'iy nazorat ostiga olish.

Mirzoxid QORIYEV,
Aniq va tabiiy fanlar fakulteti, Tabiiy fanlar kafedrasi dotsenti (v.b.)