"Ta'lim tizimidagi islohotlar yangi avlod uchun mustahkam poydevor"
18.01.2025 11:45:19 12
2025-yilga mo'ljallangan Davlat dasturida oliy ta'lim tizimini rivojlantirish, yoshlarning ta'lim olishga bo'lgan qiziqishini oshirish va sifatli bilim bilan ta'minlashga qaratilgan vazifalar belgilab qo'yilgan.
Davlatimiz rahbari oliy ta'lim qamrovini kengaytirish, zamon talablariga mos mutaxassislar tayyorlash va ta'lim sifatini oshirishga katta e'tibor qaratmoqda. Jumladan, oliy ta'lim muassasalari imkoniyatlarini kengaytirish va yangi ta'lim yuritish formalari - masofaviy ta'lim va dual ta'lim shakllanmoqda. Oliy ta'lim dargohlarini bitirib chiqayotgan yosh kadrlar sifatini oshirish, oliy ta'lim muassasalarining darslari va dasturlarini zamon talablariga moslashtirish, mutaxassislarning raqobatbardoshliligini oshirish uchun amaliy ta'limga ko'proq e'tibor qaratilmoqda.
Namangan davlat pedagogika institutida ham bu sohadagi ishlar jadal va tizimli davom etmoqda. Yoshlarning ta'limga bo'lgan qiziqishini oshirish, talabalarni ish bilan ta'minlash, malakasini oshirish va kasbiy taraqqiyot uchun qo'shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida ishlab chiqarish va ilmiy tadqiqotlar bilan bog'liq kurslar va stajirovkalar tashkil etish, nazariy va amaliy bilimlarini uyg'unlashtirish maqsadida to'rt kun oliy ta'lim muassasasida, ikki kun ishlab chiqarish korxonalari hamda umumiy ta'lim muassasalarida amaliyot o'tashi yo'lga qo'yilgan. Shuningdek, Oliy ta'lim muassasalarining yangi va zamonaviy infratuzilmasini yaratish, kutubxonalar, laboratoriyalar, sport zallari va ruhiy qo'llab-quvvatlash xizmatlarini takomillashtirish bo'yicha bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bunday harakatlar, albatta, yoshlarning oliy ta'limga bo'lgan qiziqishini oshirish va jamiyat taraqqiyotiga hissa qo'shish imkonini beradi.
Shu o'rinda Davlat dasturi loyihasida davlat oliy ta'lim tashkilotlarining "Top-500"talikka kiradigan xorijiy oliy ta'lim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qo'shma ta'lim dasturlarini ekspertizadan o'tkazish. Oliy ta'lim tashkilotlari tomonidan mehnat bozorining oliy ma'lumotli mutaxassislarga bo'lgan talabini o'rganish. Mazkur ehtiyojlarga muvofiq moddiy-texnika bazasi, professor-o'qituvchilar tarkibi va o'quv-metodik ta'minotdan kelib chiqib, keyingi o'quv yili uchun oliy ta'lim tashkilotlari tomonidan o'z qabul parametrlari bo'yicha takliflarni shakllantirish vazifasi qo'yilganligi ta'lim sifatini oshishiga, xalqaro hamkorlikni rivojlanishi zamonaviy bilim va dunyoqarashga ega mutaxassislar salmog'ini oshishida muhim omil bo'lib xizmat qiladi.
Keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan ushbu Davlat dasturi loyihasida oliy ta'lim tizimini takomillashtirishga mo'ljallangan tashabbus va takliflar ta'lim sohasini yangi bosqichga ko'tarilishiga xizmat qiladi.
Abdunazarov Ahliddin Abdurashitovich,
Namangan davlat pedagogika institutining O'quv ishlari bo'yicha prorektori