English English English

Fundamental va amaliy tadqiqot va innovatsion loyihalari tanlovi

  21.10.2024 12:25:43    7


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida 2024-yil 20-iyun kuni kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi 32-sonli bayonida keltirilgan topshiriqlarda belgilangan vazifalar ilmiy yechimiga qaratilgan ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturi doirasida akademiklar rahbarligida bajariladigan fundamental va amaliy tadqiqot va innovatsion loyihalari tanlovi


Fundamental va amaliy tadqiqot va innovatsion loyihalari tanlovi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida 2024-yil 20-iyun kuni kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi 32-sonli bayonida keltirilgan topshiriqlarda belgilangan vazifalar ilmiy yechimiga qaratilgan ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturi doirasida akademiklar rahbarligida bajariladigan fundamental va amaliy tadqiqot va innovatsion loyihalari tanlovi e'lon qilinmoqda.

Mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq oʻtkaziladi.

Tanlov ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq oʻtkaziladi hamda quyidagi fan yoʻnalishidagi mavzular boʻyicha eʼlon qilinadi:

I. Bajarilishi 4 yilga moʻljallangan fundamental loyihalar.

     1. “Matematika, fizika va mexanika fanlari” yoʻnalishi boʻyicha.

1.1. Organik yarimoʻtkazgichli elektron asboblarning  ilmiy asoslarini yaratish.

1.2. Dinamik sistemalarda topologik, optimal va raqamli usullar hamda ularning matematik modellashtirishga tatbiqlari.

1.3. Ionosferik monitoring asosida mintaqaviy zilzilalar qonuniyatlarini tahlil qilish.

1.4. Panjaradagi zarralar sistemasiga mos lokal va nolokal energiya operatorlari tahlili.

1.5. Sunʼiy intellekt asosida 2-toifa qandli diabet bilan ogʻrigan bemorlarda yangi toifadagi dorilarning kardioprotektiv samaradorligini bashorat qilish.

1.6. Evklid fazosidagi parametrik figuralar oilasining Evklid invariantlari nazariyasi va uning tatbiqlari.

1.7. Ferromagnit-yarimoʻtkazgich, ferromagnit-diyelektrik anogeterostrukturalarini yaratish va ularning magnit, optik va elektr xususiyatlarini tadqiq qilish.

1.8. Matematika, nazariy fizika va mexanika fanlarida yangi natijalarga erishish uchun sunʼiy intellektdan foydalanishni joriy etish.

  1. “Yer toʻgʻrisidagi fanlar” yoʻnalishi boʻyicha.

2.1. Kuchli zilzilalarni keltirib chiqaruvchi geodinamik jarayonlarni geologik-geofizik maydonlar variatsiyalarida namoyon boʻlishining fundamental asoslari.

  1. “Iqtisodiyot fanlari” yoʻnalishi boʻyicha.

3.1. Noaniqlik sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy tizimlarning moslashuvining nazariy-konseptual asoslari (Qoraqalpogʻiston Respublikasi misolida).

3.2. Oʻzbekistonda islom kapital bozorini shakllantirish metodologiyasini yaratish.

  1. “Tarix va arxeologiya fanlari” yoʻnalishi boʻyicha.

4.1. “Jadidchilik: tarixiy va zamonaviy ahamiyati” ilmiy asarini yaratish.

4.2. Janubiy Oʻzbekiston arxeologik merosini oʻrganish va yodgorliklarni muzeylashtirish masalalari.

  1. Axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fanlari yoʻnalishi boʻyicha.

5.1. Statistik maʼlumotlar tahlilida Big data va sunʼiy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish nazariyasi va uslubiyotini ishlab chiqish.

5.2. Tibbiyot, qishloq xo‘jaligi sanoati va logistika tizimlari kabi iqtisodiyot tarmoqlari uchun integral sxemali temperatura, namlik va bosim smart-datchiklari.

  1. Pedagogika va psixologiya fanlari yoʻnalishi boʻyicha.

6.1. Zamonaviy oʻzbek oilasining etnopsixologik modelini yaratish.

  1. Huquq fanlari yoʻnalishi boʻyicha.

7.1. Oʻzbekiston hududida davlat va huquqning genezisi, evolyutsiyasi va istiqbollari.

  1. “Texnika yoʻnalishi” yoʻnalishi boʻyicha.

8.1. Texnologik jarayonlarni kompleks avtomatlashtirish konsepsiyasi va metodologiyasini yaratish hamda nazariyasini takomillashtirish.

8.2. “Sanoat 4.0” strategiyasi asosida murakkab texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni boshqarishda sunʼiy intellektdan foydalanish va raqamlashtirishning ilmiy-nazariy asoslari.

  1. “Biologiya va biotexnologiya fanlari” yoʻnalishi boʻyicha.

9.1. Oʻzbekistonda ilk bora zamonaviy “in silico” usulini qoʻllagan holda birikmalarning biologik taʼsirini tezkor aniqlash (molekulyar doking) uslubini yoʻlga qoʻyish.

9.2. Respublikaning dorivor oʻsimliklari resurs salohiyatini bioiqlim va geofazoviy tadqiqi,moslashish va tarqalish qonuniyatlari (Ferula L. turkumi misolida).

9.3. Biostimulyatorlarning gʻoʻzaga (Gossypium spp.) taʼsirining molekulyar mexanizmlari: metabolomik, fiziologik va biokimyoviy tahlillarning integratsiyasi.

  1. “Qishloq xoʻjaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari” yoʻnalishi boʻyicha.

10.1. Oʻzbekistonda suvda eruvchan kompleks mineral oʻgʻitlarning ikkilamchi metabolitlarning toʻplanish mexanizmiga va dorivor oʻsimliklarning biologik faolligiga taʼsirini oʻrganish.

  1. Tibbiyot fanlari yoʻnalishi boʻyicha.

11.1. Yurak ishemik kasalligida antiagregant dori vositalari rezistentligiga olib keluvchi bioximik va molekulyar genetik omillar mexanizmlarini oʻrganish.

11.2. HDV-infeksiyasining yuqish xavfini, kechish ogʻirligini va prognozini aniqlaydigan molekulyar-genetik mexanizmlar.

 

II. Bajarilishi 2 yilga moʻljallangan amaliy tadqiqot loyihalari.

     1. “Matematika, fizika va mexanika fanlari” yoʻnalishi boʻyicha.

1.1. Metallooksidlardan koʻpqatlamli geterotuzilmalar olish va ular asosida yarimoʻtkazgichli energiya samarador va tejamkor datchiklar tayyorlash texnologiyasini sinergetik modellashtirish.

  1. “Texnika yoʻnalishi” yoʻnalishi boʻyicha

2.1. GAT yordamida koʻp maqsadli gidroenergetika majmualari tomonidan togʻ daryolarining suv energetika resurslaridan foydalanish samaradorligini uzoq muddatli prognoz qilish aniqligini oshirish texnologiyasini ishlab chiqish.

2.2. 177Luva 131Cs radionuklidlari asosida biomuvifiq mikrodonachalar olish texnologiyalarini ishlab chiqish.

2.3. Gruntli toʻgʻonlarning real texnik holatini kompleks oʻrganish metodikasini ishlab chiqish.

  1. Pedagogika va psixologiya fanlari yoʻnalishi boʻyicha

3.1. Talabalarning koʻngilli ijtimoiy-metodik harakatlari asosida inklyuziv va uy taʼlimi samaradorligini oshirish texnologiyasini ishlab chiqish.

  1. “Tarix va arxeologiya fanlari” yoʻnalishi boʻyicha

4.1. Markaziy Osiyo tarixini asl manbalar asosida oʻrganish

  1. “Qishloq xoʻjaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari” yoʻnalishi boʻyicha.

5.1. Kapsulalangan, eruvchanligi maqbullashtirilgan,  foydali taʼsiri yuqori boʻlgan oʻgʻitlar olishni texnologiyalarini ishlab chiqish.

5.2. Global iqlim oʻzgarish sharoitida yangi turdagi mikrobiologik preparatlar qoʻllash va ishlatishning texnologiyasini ishlab chiqish.

5.3. Import oʻrnini bosa oladigan yangi mahalliy pestitsidlarni qoʻllaganda oʻtkir va surunkali zaharlanishlarni profilaktika qilish, xavfsiz qoʻllash boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish bilan ularni oʻsimliklardan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlarida, havoda, suvda, tuproqda toksikologik-gigiyenik meʼyorlash texnologiyasini ishlab chiqish (yuqumli boʻlmagan kasalliklarni profilaktika qilish).

5.4. Fosfogipsni ammoniy karbonatning suvli eritmasida suyuq fazali konversiya usulidan foydalangan holda donador ammoniy sulfat olishning energiya tejamkor texnologiyasini ishlab chiqish.

5.5. Yangi hosildor, kasalliklarga va iqlim oʻzgarishiga bardoshli gʻoʻza navlarini mintaqaviy seleksiyasi va urugʻchiligini tashkil etish.

5.6. Oʻzbekistonda chigirtkalardan noanʼanaviy toʻyimli oqsil hamda nutriyentlar olishning texnologiyasini ishlab chiqish.

  1. “Biologiya va biotexnologiya fanlari” yoʻnalishi boʻyicha.

6.1. Ksilofag-hasharotlarga qarshi mahalliy oʻsimlik alkaloidlar asosida kurashish vositasini yaratish.

6.2. Neyrodegenerativ kasalliklarni erta tashxislash va oldini olish uchun markerlarni ishlab chiqish.

6.3. Yangi antiaritmik moddalarning taʼsir mexanizmini aniqlash platformalarini yaratish.

6.4. Yangi samarali yuqori molekulali metalorganik birikmalar olish texnologiyasini ishlab chiqish.

  1. “Kimyo fanlari, kimyoviy texnologiya va nanotexnologiya fanlari” yoʻnalishi boʻyicha.

7.1. Metallurgiya sanoatida rudalardan oltin va kumushni ajratib olish uchun import oʻrnini bosuvchi kompozitsion kimyoviy reagentlarning samarali tarkiblarini va resurstejamkor texnologiyasini ishlab chiqish.

7.2. Mahalliy tabiiy polimerlar asosida turli xil maqsadlarga moʻljallangan yangi funksional materiallar yaratish .

7.3. Ekstraksion fosfor kislotasi (EFK) ishlab chiqarish chiqindisi – fosfogips asosida oʻgʻitli meliorantlar va qumli tuproqlarni qotiruvchi vositalar ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish.

7.4. Yangi avlod bioparchalanuvchi korroziya va mineral tuzlar toʻplanishi ingibitorlari sintezi va texnologiyasini yaratish.

  1. Tibbiyot fanlari yoʻnalishi boʻyicha.

8.1. Tugʻma immunitet tanqisligi boʻlgan bolalarni skrining qilishda TREC va KREC DNKlarini aniqlash uchun muhim referens koʻrsatkichlarini baholash va Respublika sogʻliqni saqlash tizimining amaliy faoliyatiga real vaqt PZR texnologiyalarini ishlab chiqish.

8.2. Bolalarda LSECtin-sinusoidal endotelial disfunksiya kontekstida surunkali virusli jigar patologiyasi rivojlanishining patogenetik, diagnostik jihatlari va davolash protokollarini ishlab chiqish.

8.3. Angionevrologik kasalliklarni yaʼni surunkali bosh miya qon aylanishi yetishmovchiligi mavjud boʻlgan bemorlarni erta aniqlash, tashxislash va davolash protokollarini ishlab chiqish.

8.4. Yosh aholi orasida (1-35 yosh) toʻsatdan yurak oʻlimining tarqalishi va strukturasi, shuningdek, toʻsatdan yurak oʻlimi qurbonlarining birinchi darajali qarindoshlarida klinik va genetik xavf omillarini aniqlash.

8.5. Modifikatsiya yoʻli bilan farmakofor guruhlar kiritish natijasida yurakning ijobiy elektr oʻtkazuvchanligini va membranasini barqarorlashtiruvchi -Lappanorm dori vositasi substansiyasini yaratish.

  1. Farmakologiya va farmatsevtika fanlari yoʻnalishi boʻyicha.

9.1. Oʻsimlik xom-ashyolari asosida RNK viruslariga (COVID-19, gripp, gepatit   S, OITS) qarshi dori vositalarini yaratish, klinik oldi tadqiqotlarini amalga oshirish va ularni roʻyxatdan oʻtkazish.

9.2. Polisaxaridlar asosida jarrohlikdan keyingi saraton tarqalishiga qarshi yangi turdagi terapevtik multifunksional biomateriallar yaratish.

  1. Oʻrmon xoʻjaligi, tuproqshunoslik va oʻsimliklarni himoya qilish fanlari.

10.1. Chiqindi va qoldiqlardan foydalanib degradatsiyaga uchragan tuproqlarda organik qismni koʻpaytirish, unumdorlik va ekin hosilini oshirish texnologiyasini ishlab chiqish.

  1. “Filologiya va ijtimoiy fanlar” yoʻnalishi boʻyicha

11.1. Oʻzbekiston islom sanʼatining shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini oʻz ichiga olgan platforma yaratish.

11.2. Abdurahmon as-Soʼfiyning (X asr) Mirzo Ulugʻbek kutubxonasiga mansub “Qoʻzgʻalmas yulduzlar kitobi” asarini oʻzbek tiligadagi ilmiy izohli tarjimasini yaratish.

11.3. O‘zbekiston tarixi, madaniyati, adabiyoti va san’ati, qadriyatlari, hunarmandchiligini targ‘ib qilishga qaratilgan Oʻzbek akademiyasi (“Uzacademy”) platformasini yaratish.

III. Bajarilishi 1 yilga moʻljallangan innovatsion loyihalar.

  1. “Iqtisodiyot fanlari” yoʻnalishi boʻyicha.

1.1. Mehnat bozori transformatsiyasida professional taʼlim modelini yaratish.

  1. Pedagogika va psixologiya fanlari yoʻnalishi boʻyicha.

2.1 Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilarini milliy ruhda tarbiyalashning 7 yillik differensial texnologiyasini yaratish.

     Loyiha taqdim qilinganda loyiha rahbari oʻz loyihasi tadqiqot yoʻnalishidan kelib chiqib vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik kengash yoʻnalishini tanlashi va shu yoʻnalish boʻyicha taqdim qilishi lozim.

Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (www.loyiha.ilmiy.uz) orqali 2024-yilning 10-noyabrga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.

 Tanlov shartlari.

     1. Loyiha ilmiy jamoasining oʻrtacha yoshi 45 yoshdan oshmasligi lozim. Ilmiy jamoada yosh olimlar va iqtidorli talabalar (shu jumladan, magistratura talabalari) ishtirok etishi maqsadga muvofiq.

     2. Tanlovda ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish uchun imkoniyati va salohiyati mavjud ilmiy faoliyat subyektlari ishtirok etishi mumkin. Ilmiy faoliyat asosiy faoliyat turiga kirmaydigan tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan loyihalar tanlovdan chetlashtiriladi.

     3. Loyiha akademiklar rahbarligida shakllantitilishi hamda loyiha rahbari tomonidan tanlovga faqat bitta loyiha taqdim etilishi mumkin. Bir vaqtning oʻzida bir turdagi ikkita loyihaga rahbar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi va ushbu holatga olib kelishi mumkin boʻlgan loyihalar qabul qilinmaydi.

     Loyiha hamrahbari sifatida xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida faoliyat koʻrsatayotgan va loyiha mavzusi yoʻnalishida muhim natijalarga erishgan, “Scopus” va “Web of Science” xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazalarida “Hirsh” indeksi 5 va undan yuqori boʻlgan yetakchi olimlar jalb qilinadi.

     4. Ilmiy loyiha hujjatlarini Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida quyidagi hujjatlar asl nusxalarining pdf/doc shakli elektron platformaga yuklanishi lozim:

  • ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yoʻllanma xat (pdf);
  • ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan koʻchirma (pdf);
  • fundamental tadqiqot loyihasi matni (imzo va muhr qoʻyilgan holda, pdf va uning matn redaktori dasturidagi (doc/docx) shakli.

     Taqdim etilgan loyihalar quyidagilar boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi:

  • tanlov talablariga qatʼiy rioya qilinganligi;
  • loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi;
  • koʻchirmachilikka (plagiatga) yoʻl qoʻyilmaganligi;
  • talablar asosida shakllantirilganligi;
  • loyiha yakunida qoʻlga kiritiladigan muhim ilmiy natijalar (yangi ishlanma, texnologiya) hamda ilmiy yoʻnalishning tadqiqot dizayniga muvofiq toʻliq asoslanganligi;
  • soʻralgan mablagʻlarning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq toʻgʻri hisob-kitob qilinganligi.

     5. Taqdim etilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov gʻoliblari tomonidan ilmiy-texnik loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning masʼul xodimlari javobgar hisoblanadilar.

     6. Taqdim etilgan loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida ijrochi tashkilot vakolatli tuzilmasining (xizmatining) xulosasi loyihaga ilova qilinishi lozim.

Izoh: Ijrochi tashkilot loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyilganligi haqida vakolatli tuzilmasining (xizmatining) xulosasi taqdim etilmagan taqdirda fundamental tadqiqot, amaliy tadqiqot  yoki innovatsion loyiha talabnomasi texnik ekspertiza jarayonidan oʻtkazilmaydi.

     7. Tanlovga taqdim etiladigan loyihani amalga oshirish uchun soʻralayotgan umumiy moliyalashtirish hajmini (5-shakl) hisoblashda ushbu havolaga joylashtirilgan hisob-kitob shaklidan foydalanish tavsiya etiladi: https://loyiha.ilmiy.uz/site/example-docs.

     8. Tanlovda belgilangan yoʻnalishlarda bajarilishi 4 (toʻrt) yilga moʻljallangan fundamental tadqiqotlarning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining
12 000 barobaridan, bajarilishi 2 (ikki) yilga moʻljallangan amaliy tadqiqotlarning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 6000 barobaridan, bajarilishi 1 (bir) yilga moʻljallangan innovatsion loyihalarning bazaviy hisoblash miqdori 3000 barobaridan oshmagan holda mablagʻ ajratiladi.

     Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning har bir bosqichda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar loyiha rahbarlarining Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasidagi (loyiha.ilmiy.uz) shaxsiy kabinetlarida koʻrsatiladigan interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.

     Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar loyiha rahbarining yagona identifikatsiya tizimi (id.egov.uz) orqali roʻyxatdan oʻtgan shaxsiy kabineti orqali topshirilishi shart. Loyihaning ijrochilari yoki loyiha rahbari boʻlmagan shaxslar tomonidan taqdim etilgan ilmiy loyihalar tanlovga qabul qilinmaydi.

     Ilmiy loyihalarni shakllantirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish agentligi masʼul xodimi: +99871 203-32-23 (413).