Ilm sari ilk qadam
26.10.2024 09:50:51 3
Mamlakatimizda istiqbolli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Oliy ta’lim muassasalarida talaba-yoshlarning ilm egallashga bo‘lgan ishtiyoqi va intellektual salohiyatini oshirish, shuningdek, xalqaro maydonda mamlakatimizning nufuzini yanada yuksaltirish uchun iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini takomillashtirish zarurati mavjud.
Shu bois, iqtidorli talabalarni ilm-fanni o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga yo‘naltirish maqsadida Namangan davlat pedagogika instituti Pedagogika fakulteti Maktabgacha ta’lim kafedrasi qoshida “Tadqiqotchi - talaba” deb nomlangan ilmiy to‘garak tashkil etildi.
Mazkur ilmiy to‘garakning “Ilm sari ilk qadam” deb nomlangan o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi. Seminarda kafedra professor-o‘qituvchilari, ilmiy to‘garak a’zolari: magistratura mutaxassisligi va maktabgacha ta’lim yo‘nalishi iqtidorli talabalari ishtirok etdilar. Shuningdek, seminarga Namangan davlat universititeti “Yoshlar yetakchisi”, Navoiy hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi sohibi Shohruh Sultonov ham taklif etildi.
O‘quv-seminarini maktabgacha ta’lim kafedrasi mudiri, dotsent M.Asranboyeva kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z so‘zida ilmiy to‘garakni tashkil etishdan ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalar xususida gapirib, maktabgacha ta’lim yo‘nalishi iqtidorli talabalarini ilmiy-tadqiqot ishlariga yo‘naltirishning dolzarb masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
So‘ngra Shohruh Sultonov iqtidorli talabalarning imkoniyatlari va muvaffaqiyatlarga erishish omillari, o‘zining iqtidorli talaba sifatidagi faoliyati haqida so‘zlab berdi.
O‘quv-seminarining ikkinchi qismida ilmiy to‘garak rahbari kafedra dotsenti Z.Qoraboyeva iqtidorli talabalar bilan o‘quv yili davomida olib boriladigan to‘garak faoliyati, rejalar va kutilayotgan natijalar to‘g‘risida ma’lumot berib, iqtidorli talabalar e’tiboriga “Ilmiy maqola qanday yoziladi?” mavzusidagi taqdimotini havola etdi.
O‘quv-seminarida talabalar to‘garak faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.