Orol dengizining qurigan tubida uchraydigan muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan amaliy tadqiqot va innovatsion loyihalar tanlovi
21.10.2024 12:24:49 2
Orol dengizining qurigan tubida uchraydigan muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan amaliy tadqiqot va innovatsion loyihalar tanlovi eʼlon qilinmoqda
Tanlovning asosiy maqsadi – Orol muammosining salbiy taʼsirini kamaytirish asosida mintaqa aholisi turmush sharoiti va sifatini yaxshilash, Orol dengizining qurigan tubi tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirilgan urugʻ zahirasi mavjud boʻlgan tayyor oʻsimliklar yoki ekin turlari mavjud boʻlgan navlar ekilgan maydonlarini kengaytirish, hududda yerdan foydalanish samaradorligini oshirish, tuproq tarkibidagi tuzni kamaytirish va Orol tubida chorvachilikni rivojlantirish muammolarining ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilgan samarador yangi texnologiyalar, innovatsion usul va vositalarga asoslangan eng yaxshi amaliy yechimlarni tanlab olish va turli soha boʻyicha tashkil etiladigan ilmiy tadqiqot ishlarini kompleks oʻrganishdan iborat.
Mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq oʻtkaziladi.
Tanlov doirasida ilmiy ekspertiza natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan ilmiy loyihalar quyidagi fan yo‘nalishari bo‘yicha saralab olinadi:
Texnika fanlari
Tibbiyot fanlari
Veterinariya va chorvachilik fanlari
Biologiya va biotexnologiya fanlari
Yer toʻgʻrisidagi fanlar
Kimyo fanlari, kimyoviy texnologiya va nanotexnologiya fanlari
Axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fanlari
Qishloq xoʻjaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari
Oʻrmon xoʻjaligi, tuproqshunoslik va oʻsimliklarni himoya qilish fanlari
Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali 2024-yilning 15-oktabrga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
Tajriba stansiyasining manzili va unda joylashgan konteynerlarning joylashuvini quyidagi havola orqali topishingiz mumkin.
- Tanlovda ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish uchun imkoniyati va salohiyati mavjud ilmiy tashkilotlar, oliy taʼlim muassasalari va ilmiy/innovatsion faoliyat subyektlari ishtirok etishlari (loyiha taqdim etishlari) mumkin.
- Loyiha matni olib boriladigan tadqiqot ishlari bilan birgalikda quyidagi talablarni hisobga olgan holda shakllantirilishi va har bir belgilangan fan yoʻnalishiga mos ravishda faqat amaliy tadqiqot hamda innovatsion loyihalar yuzasidan ariza topshirishlari lozim.
- Loyihaning mazmuni tanlovning tegishli fan yo‘nalishiga mos bo‘lgan holda amaliy tadqiqot yoki innovatsion loyihaga belgilangan talablar asosida shakllantiriladi.
- Ilmiy loyihalar yuzasidan o‘tkaziladigan ekspertiza jarayonida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida avval bajarilgan:
fundamental tadqiqotlarga asoslangan amaliy tadqiqot loyihasiga;
amaliy tadqiqot loyihalarining ilmiy natijalari asosida shakllantirilgan innovatsion loyihasiga ustunlik beriladi.
Loyihalarning bog‘liqligi loyiha talabnomasining 4-shaklida to‘liq bayon etilishi, jumladan avval bajarilgan tadqiqot loyihasining nomi, ijrochi tashkiloti, bajarilgan muddatlari, loyiha shifri va ilmiy bog‘liqliklar bayon etiladi.
Taklif etilayotgan loyiha talabnomasidan boshqa tadqiqotlar olib borilmaganligi hisobga olgan holda ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashida muhokama qilinadi hamda ushbu namunaga muvofiq bayonnomaga ilova qilinadi.
- Loyiha talabnomasida ijrochilar tomonidan bir yilda kamida 2 marotaba Orol dengizining qurigan tubiga borgan holda tadqiqotlarni o‘tkazish nazarda tutilishi kerak.
Bunda belgilangan hududda (tadqiqot ob’ektida) olib boriladigan tadqiqotlar bir oydan kam bo‘lmagan vaqt davomida ushbu hududni tark etmagan holda amalga oshirilishi va buning uchun tegishli konteynerda yashash uchun zarur shart-sharoitlar ko‘rilishi rejalashtirilishi zarur.
- Loyiha smetasini quyidagilarni inobatga olgan holda shakllantirilishi:
Tadqiqot hududida bugungi kunda 11 ta konteyner mavjud bo‘lib, xarajatlar smetasini shakllantirishda mavjud konteynerni ijaraga olish yoki konteyner xarid qilinishini, shuningdek tajriba stansiyasida yashab tadqiqot o‘tkazish uchun zarur shart sharoitlarni yaratish maqsadida quyidagicha shakllantiriladi.
mavjud tajriba stansiyasidagi konteynerlarni inobatga olgandagi xarajat turlari;
yangidan xarid qilinadigan konteynerlarni inobatga olgandagi xarajatlar.
Izoh: loyiha doirasida avtotransport vositalarini xarid qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Tanlov shartlariga mos shakllantirilmagan loyihalar hamda ilmiy faoliyat asosiy faoliyat turiga kirmaydigan tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan loyihalar tanlovdan chetlashtiriladi.
- Amaliy hamda innovatsion loyihalar tanlovida qatnashuvchi ilmiy jamoaning rahbari ilmiy darajaga ega boʻlishi hamda oxirgi uch yilda Web of Science yoki Scopus maʼlumotlar bazasida indeksatsiyalangan nufuzli ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etgan boʻlishi shart.
- Taqdim etilgan loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida ijrochi tashkilot vakolatli tuzilmasining (xizmatining) xulosasi loyihaga ilova qilinishi lozim.
Izoh: Ijrochi tashkilot loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyilganligi haqida vakolatli tuzilmasining (xizmatining) xulosasi taqdim etilmagan taqdirda, amaliy tadqiqot yoki innovatsion loyiha talabnomasi tanlovdan chetlashtiriladi.
- Tanlovga bajarilishi ikki va uch yil davrga moʻljallangan amaliy va bir yilga moʻljallangan innovatsion loyihalar qabul qilinadi. Bajarilishi uch yildan ortiq muddatlarga moʻljallangan amaliy loyihalar va bir yildan ortiq muddatlarga moʻljallangan innovatsion loyihalar dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkazilmaydi va koʻrib chiqilmaydi.
- Tadqiqot shakli va bajarish davri bo‘yicha loyiha qiymati quyidagi miqdorlardan oshmasligi lozim:
bajarilishi uch yil bo‘lgan amaliy tadqiqot loyihasi – BHM ning 11 000 barobarigacha;
bajarilishi bir yil bo‘lgan innovatsion loyihasi – BHM ning 5 000 barobarigacha;
bajarilishi ikki yil bo‘lgan innovatsion loyihasi – BHMning 8 000 barobarigacha.
- Loyiha bo‘yicha xarajatlar Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq rejalashtirilishi va loyihaning qiymati BHM ning barobarida ko‘rsatilishi shart. Ish haqi fondini hisoblashda ijrochilarning belgilangan hududda (tadqiqot ob’ektida) ishlagan vaqti uchun ish haqi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-sentabrdagi 743-sonli qarorga asosan tuman koefitsientini inobatga olgan holda rejalashtiriladi.
- Loyiha rahbari tomonidan tanlovga faqat bitta loyiha taqdim etilishi mumkin. Agar loyiha rahbari tomonidan amalda ilmiy loyiha bajarilayotgan boʻlsa, bir vaqtning oʻzida bir turdagi ikkita loyihaga rahbar boʻlishiga ruxsat etilmaydi va tanlovga qabul qilinmaydi.
- Ilmiy loyiha hujjatlarini Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida quyidagi hujjatlar asl nusxalarining pdf/doc shakli elektron platformaga yuklanishi lozim:
- ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yoʻllanma xat (.pdf);
- ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan koʻchirma (.pdf);
- amaliy yoki innovatsion loyiha matni (imzo va muhr qoʻyilgan holda pdf
va .doc/.docx).
- Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qatʼiy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, koʻchirmachilikka (plagiatga) yoʻl qoʻyilmaganligi, ushbu mavzu doirasida avval ilmiy loyiha bajarilmaganligi, tanlov talablari asosida shakllantirilganligi, shuningdek loyiha yakunida qoʻlga kiritiladigan muhim ilmiy natijalar (yangi ishlanma, texnologiya) hamda ilmiy yoʻnalishning tadqiqot dizayniga muvofiq toʻliq asoslanganligi va soʻralgan mablagʻlarning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq toʻgʻri hisob-kitob qilinganligi boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi.
- Taqdim etilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov gʻoliblari tomonidan ilmiy-texnik loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning masʼul xodimlari javobgar hisoblanadilar.
- Tanlovga taqdim etiladigan loyihani amalga oshirish uchun soʻralayotgan umumiy moliyalashtirish hajmini (5-shakl) hisoblashda ushbu havolaga joylashtirilgan hisob-kitob shaklidan foydalanish tavsiya etiladi: https://loyiha.ilmiy.uz/site/example-docs.
Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning har bir bosqichda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar loyiha rahbarlarining Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasidagi (loyiha.ilmiy.uz) shaxsiy kabinetlarida koʻrsatiladigan interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.
Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar loyiha rahbarining yagona identifikatsiya tizimi (id.egov.uz) orqali roʻyxatdan oʻtgan shaxsiy kabineti orqali topshirilishi shart. Loyihaning ijrochilari yoki loyiha rahbari boʻlmagan shaxslar tomonidan taqdim etilgan ilmiy loyihalar tanlovga qabul qilinmaydi.
Ilmiy loyihalarni shakllantirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish agentligi masʼul xodimi: +99871 203-32-23 (413).