SUVNI SEROB DEB O‘YLAMANG! (22-mart — “Butunjahon suv kuni”ga bag‘ishlanadi)
22.03.2025 17:42:55 105

Dunyoda chuchuk suv resurslarining tanqisligi XXI asrning dastlabki yillaridan boshlangan va hozirgi kunga qadar jiddiylashib borayotgan global ekologik muammo hisoblanadi. Hozirgi vaqtda Yer yuzi aholisining qariyib 1,1 milliard kishidan ortig‘i turli darajadagi suv tanqisligi muammosidan aziyat chekayotganligi BMTning hujjatlarida qayd etilgan. Ushbu muammo ustida sezilarli ishlar amalga oshirilayotganligiga qaramasdan, yer yuzida ro‘y berayotgan iqlim o‘zgarishlari hamda suv resurslarining ifloslanishi kabi omillar sabab suv tanqisligi muammosining keskinlashuviga, dunyo aholi soninining o‘sib borishi esa chuchuk suvga bo‘lgan talabning yildan-yilga ortib borishiga olib kelmoqda.
Suv tanqisligi masalasida eng ko‘p aziyat chekadigan mintaqalardan biri Markaziy Osiyo hisoblanib, ular ichida O‘zbekistondagi vaziyatni alohida ta’kidlash joizdir. Chunki keltirilayotgan ma’lumotlar O‘zbekistonda suv tanqisligi masalasi juda murakkab ekanligini, ayniqsa, kelajakka berilayotgan prognozlar yanada tashvishli ekanligini ko‘rsatadi. Jumladan, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2015-yilda O‘zbekiston bo‘yicha umumiy suv tanqisligi 3 km3 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich 7 km3 ga, 2050-yilga qadar esa 11-13 km3 ga yetishi va joriy suv tanqisligi muammosini 5 barobargacha oshirishi mumkin. So‘nggi yillarda Orol dengizi havzasidagi suv kamaygan yillar tobora ko‘payib bormoqda. Xususan, 2000-yilga qadar har 6-8 yilda suv taqchil yillar takrorlangan bo‘lsa, oxirgi vaqtlarda esa har 3-4 yilda kuzatilmoqda.
Global iqlim o‘zgarishi tufayli mintaqamizda suv tanqisligini keskinlashtirib yuboradigan jarayonlardan biri mintaqamizdagi eng yirik daryolarni suv bilan ta’minlaydigan tog‘ muzliklarining shiddat bilan erib borayotganligi hisoblanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, global iqlim o‘zgarishi tufayli Tojikistonda mavjud bo‘lgan 8000 dan ortiq muzliklar maydonining 30% i, Qirg‘izistondagi 10000 ga yaqin muzliklar maydonining 16% i erib ketgan. 2030-yilga borib muzliklarning yana 15-20% i erib ketishi bashorat qilinmoqda. Muzliklarning tez erib borayotganligi sabab qor va muzliklardan to‘yinayotgan yirik daryolarning suvi sezilarli tarzda kamayib, Markaziy Osiyoda suv tanqisligi muammosini keskinlashtirib yuborishi mumkin. Misol uchun, turli senariylar bo‘yicha Sirdaryo va Amudaryoning suv resurslaridagi o‘zgarishlar me’yor atrofidagi tebranishlardan 28-40% gacha kamayishi bashorat qilinmoqda. Bu holat kichik daryolarga ham taalluqli. Ba’zi bashoratlarga qaraganda 2030-2080 yillarda Podshaotasoy suvi 20-30 foizgacha, Chodaksoy va G‘ovasoylarning suvi esa 40-50 foizgacha kamayishi mumkin.
Yuqorida keltirib o‘tilgan barcha ilmiy, tahliliy va statistik ma’lumotlar mintaqaning, ayniqsa, mamlakatimizning suv resurslari bo‘yicha yaqin kelajakda yuz berishi mumkin bo‘lgan jiddiy muammolar haqida ogohlantirmoqda. Shu bois, har bir fuqaro suvni bebaho ne’mat ekanligini his qilishi, undan samarali va tejamkorlik bilan foydalanishi talab etiladi. Zero, suvni serob deb o‘ylamang!
Mirzoxid QORIYEV,
Aniq va tabiiy fanlar fakulteti, Tabiiy fanlar kafedrasi dotsenti (v.b.)