O‘zbekiston va Fransiya – yuksak ehtirom va yangi muvaffaqiyatlar sari
14.03.2025 12:53:33 135

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi mamlakatimiz uchun yangi tarixiy bosqichni boshlab berdi. 11-13-mart kunlari Fransiya Respublikasida amalga oshirilgan ushbu tashrif nafaqat diplomatik munosabatlarni mustahkamlash, balki ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni yangi pog‘onaga ko‘tarish maqsadida amalga oshirildi.
Tashrif davomida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida bir qator kelishuvlar imzolandi, ularning orasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishga qaratilgan bitimlar alohida e’tiborni tortdi. 2021-yilda 280 million AQSH dollarini tashkil qilgan o‘zaro savdo hajmi, 2024-yilga kelib 1,1 milliard AQSH dollariga yetganligi, ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning jadal rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Bu, albatta, Fransiyaning O‘zbekiston uchun Yevropadagi eng muhim iqtisodiy hamkorlardan biriga aylanishi va hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Shuningdek, madaniy almashinuvlar doirasida amalga oshirilgan kelishuvlar, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qaratilgan. San’at, ta’lim, madaniyat sohalaridagi ko‘rgazmalar, konsertlar va festivallar O‘zbekiston va Fransiya xalqlari o‘rtasidagi ijodiy aloqalarni yanada rivojlantiradi. Bu aloqalar, o‘z navbatida, ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Fransiyaning zamonaviy texnologiyalari va innovatsiyalarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga tatbiq etilishi, mamlakatimizning turli sohalarida, jumladan, infratuzilma, energetika va agrosanoat sohalarida rivojlanish uchun katta ahamiyatga ega. Bu esa nafaqat iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantiradi, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, jamiyatni zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlashni o‘z ichiga oladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiya tashrifi davomida Emmanuel Makron tomonidan O‘zbekiston rahbariga Fransiyaning eng oliy davlat mukofoti – Faxriy legion ordeni topshirilishi, mamlakatimizga bo‘lgan ehtirom va hurmatning yuqori darajasini ko‘rsatadi. Bu yuksak mukofot O‘zbekiston xalqining yuksalishiga, uning xalqaro maydondagi o‘rni va mavqeyiga bo‘lgan e’tirof sifatida tarixda qoladi.
Fransiya Prezidentining tashrif davomida o‘zbek tilida so‘zlagan nutqi, uning O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan hurmatini yana bir bor tasdiqladi. Yelisey saroyidagi qabul marosimida Fransiya Prezidenti “Yashasin O‘zbekiston! Yashasin Fransiya! Yashasin Fransiya-O‘zbekiston do‘stligi!” deb aytgan so‘zlari ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlikni yuksak darajada ekanini ko‘rsatdi.
Shu tariqa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga bo‘lgan tashrifi, nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishga, balki xalqaro maydondagi yuksak ehtirom va hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekistonning bu kabi tashabbuslari, albatta, uning jahondagi eng rivojlangan davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashiga xizmat qiladi.
JAVOHIR YULDASHEV,
Namangan davlat pedagogika instituti Ilmiy tadqiqotlar,
innovatsiyalar va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash bo'limi boshlig'i